"Islomiy davlat" bilan olishayotgan kurdlar orasida xorijliklar ko'p

  • Amerika Ovozi

Iroq va Suriyada "Islomiy davlat" jangarilariga qarshi kuashayotgan kurd kuchlari orasida xorijliklar ham bor.

Peshmerga kuchlariga ko'ngilli bo'lib qo'shilgan 23 yoshli Jon Koul tez orada kurdlar orasida mashhur bo'lib ketdi. Amerikalik bu bo'ydor yigitga kurd qizlari hatto "Uzun yo'lbars" deb laqab qo'ygan.

"Kurd xalqini sevganim uchun bu kurashga qo'shildim. Ular juda mehribon va saxiy odamlar. "Islomiy davlat" terrorchilari men sevgan odamlarni o'ldirmasin, deb keldim", - deydi Koul.

U bu yerda yolg'iz emas. Mahalliy kurd qo'mondonlarining aytishicha, so'nggi oylarda bu yerga kelayotgan amerikalik ko'ngillilar soni ortgan.

"Hozir Amerika, Kanada, Yevropa va boshqa davlatlardan bizga yordam berishni istayotgan 120 odam men bilan aloqada", - deydi Kirkukdagi peshmerga kuchlari qo'mondoni o'rinbosari Tariq Ahmed.

Ko'ngillilar, asosan, maslahatchi rolida

Qo'mondonlarning aytishicha, ko'ngilli bo'lgani uchun xorijliklarga maosh to'lanmaydi, ammo boshpana va oziq-ovqat beriladi. "Islomiy davlat"ga qarshi janglar aks etgan videosuratlarda ham xorijliklar ko'zga tashlanmaydi.

Urush zonalarida ishlagan kaliforniyalik jurnalist Ket Argo ham amerikalik ko'ngillilardan. Terrorchilarga qarshi kurashish va urush qochqinlariga insonparvarlik yordami ko'rsatish uchun peshmerga kuchlariga qo'shildim, deydi u.

Xorijliklar ko'paymoqda

Kurdiston viloyatining Peshmerga vazirligi rasmiysi Jabar Yavarning aytishicha, kurd kuchlari orasida qancha xorijlik borligi haqida aniq ma'lumot yo'q.

"Biz xorijliklarning kelishiga rasman ruxsat bermaymiz, - deydi u. - Ular Kurdistonga oddiy fuqarolar sifatida kelishadi. Ularga hech qanday aloqamiz yo'q. Bu ko'ngillilar haqida bizda hech qanday ma'lumot va hujjat yo'q".

Lekin xorijlik ko'ngillilarga Kurdiston hukumatiga qarashli qurol-yarog'dan foydalanishga ruxsat berilyapti, deydi Peshmerga Sog'liqni saqlash bo'limi rahbari Muhsin Muhammad.

Xorijliklar, odatda, maxsus treningga muhtoj emas; ular Kalashnikov qurolidan foydalanishni juda tez o'rganadi, deydi qo'mondonlar.

Amerikalik Koul bu yerda hech qanday harbiy tayyorgarlikka ehtiyoj sezmaganini aytadi.

"Terrorga qarshi kurash va qurol ishlatish bo'yicha oldindan malakam bor. Yo'limdan chiqqan har qanday muammoni hal qila olaman", - deydi u.

Koul Irbil yaqinidagi kurd askarlarini suv bilan ta'minlovchi bo'limda xizmat qiladi. U kelasi oylarda "Islomiy davlat"ga qarshi rejalanayotgan hujumda ishtirok etmoqchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG