Oq uy Zika virusiga qarshi Kongressdan ko'proq mablag' so'ramoqda


Hukumat va tibbiyot tashkilotlari Zika virusiga qarshi kurashni kuchaytirish uchun Kongressdan ko'proq mablag' so'ramoqda. So'nggi xabarlarga ko'ra, Oq uy Ebola dasturidan qolgan 600 million dollarni ishlatadi, ammo bu kam. Favqulodda vaziyatlar uchun yordam fondiga ikki milliard dollarga yaqin mablag' so'ralgan. Bahor kelib kunlar isir ekan, chivinlar ko'payishi va natijada virusning yanada ko'proq tarqalish xavfi mutaxassislarni xavotirga solmoqda.

AQShda chivinlar ko'payadigan mavsum boshlanmoqda. Bu esa Zika virusi tarqalishi haqidagi xavotirlarni ham oshirmoqda.

"Zika allaqachon AQSh hududlariga kirib kelgan. Zika bor joylarga safar qilgan yuzlab amerikaliklar allaqachon bu virusga chalingan. Puerto Riko va boshqa AQSh hududlarida u tez yoyilayapti va bu davom etadi", - deydiKasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi rahbari Tom Friden.

Zika nogiron bolalar tug'ilishi, chaqaloqlar o'limi va kattalarda falajlik kabi oqibatlarga yetaklaydi. Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi shu oy Atlantada virusga oid anjuman o'tkazdi. Shifokorlarga ko'ra, Zika oqibatlari AQShda boshqa o'lkalarda bo'lganidek kuchli bo'lmaydi, ammo bu tinchlanish uchun kifoya emas.

"Agar, Atlantada aytilganidek, qo'limizdan kelgan barcha choralarni ko'rib tayyor turmasak, o'z ishimizni bajarmayotgan bo'lamiz", - deydi doktor Hol Lorens.

Fevral oyida Prezident Obama Kongressdan Zikaga qarshi maxsus fond uchun 1,9 milliard dollar ajratishni so'radi. Mart oyida Vakillar palatasi spikeri Pol Rayn esa hukumatga Ebola dasturidan qolgan pulni berishni tavsiya qildi. Ammo rasmiylar bu mablag' yetarli emasligini aytmoqda.

Ayni paytda shtat va mahalliy hokimiyatlar chivinlarni nazorat qilish, homilador ayollarga yordam berish kabi dasturlar uchun ko'proq yordam ajratilishini so'ramoqda.

"Ko'plab sog'liq idoralari so'nggi paytlarda nazorat qilish yoki kuzatish dasturlari uchun byudjetlarini qisqartirgan. Shu bois hozirgi tahdidga qarshi kurashish uchun kuchli infratuzilmaga ega emasmiz", - deydi doktor Oskar Aleyn.

Hozircha homilador ayollarga chivin chaqishidan ehtiyot bo'lish tavsiya qilinmoqda. Buni esa uddalash qiyin.

"Bu davlatda homiladorlikning yarmi kutilmaganda bo'ladi", - deydi doktor Lorens.

Qolaversa, virus jinsiy aloqadan ham yuqadi.

Kongressdan Zikaga qarshi kurashish va yangi vaksina yaratish uchun qo'shimcha mablag' so'rayotgan Oq uy va davlat idoralari safiga nodavlat tashkilotlar va faollar ham qo'shilmoqda.

XS
SM
MD
LG