Ukraina sharqida sog’liqni saqlash tizimi ishdan chiqqan

  • Amerika Ovozi

Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti Ukrainaning urush domiga botgan Donbass mintaqasida sog’liqni saqlash tizimi ishdan chiqqanini ma’lum qildi. Gumanitar inqiroz besh milliondan ziyod odam hayotiga bevosita ta’sir qildi. Bemorlarga tibbiy yordam ko’rsatilmayapti va aholi orasida yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi bor.

O’tgan yil may oyida Ukraina sharqidagi rossiyaparast kuchlar va hukumat qo’shinlari o'rtasida janglar boshlanmay turib ham bu mamlakat sog’liqni saqlash tizimi ancha og’ir ahvolda edi. Endi esa mutlaqo ishdan chiqdi.

Jahon sog’liqni saqlash tashkilotiga ko’ra, Lugansk va Donetsk shaharlarida aholi hech qanday tibbiy yordam ololmayapti. Bu tashkilotning Ukrainadagi vakili Dorit Nitzanning aytishicha, kasalxonalarda suv va elektr toki yo’q, shaharlarda oziq-ovqat taqchilligi kuzatilmoqda, dori-darmon topish qiyin.

“Kasalxonalarda… tez tibbiy yordam bo’yicha mutaxassislar, pediatrlar yoki kimyoviy terapiya kabi maxsus muolaja ko’rsatadigan xodimlar yo’q. Bemorlar qayerdan madad olishni bilmaydi. Chunki bu hududlar qurollangan isyonchilar nazoratida. U yerga yordam yetkazishning iloji yo’q. Inqirozdan bevosita aziyat chekayotganlar soni 5,1 millionga teng. Ular orasida uyidan judo bo’lganlar bor”, - deydi Jahon sog’liqni saqash tashkiloti vakili.

BMT inson huquqlari idorasining 6-yanvargi ma’lumotlariga ko’ra, o’tgan yil aprelidan buyon 4800 odam halok bo’lgan, qariyb 11 ming odam jarohatlangan.

Jahon sog’liqni saqlash tashkilotining ma’lum qilishicha, uyini yo’qotgan va boshqa hududularga qochishga majbur bo’lgan 700 ming odam salomatligi jiddiy xavf ostida. Ular orasida bolalar va ayollar, qariyalar, nogironlar va lo’lilar bor.

Doktor Nitzanning aytishicha, Donbassda Orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi va Inson immunitet tanqisligi virusi bilan yashaydigan 32 ming kishi bor. Bu - ro’yxatga olinganlar. Aslida ularning soni kattaroq bo’lishi mumkin. Aksariyati sil kasalligiga chalingan.

“Donetskda sil kasalining har yili yangidan qayd etiladigan hollari orasida 25 foizi – oddiy dorilar bilan davolab bo’lmaydigan bemorlar. Bugun aniq ma’lumot yo’q ekan, bundaylar ko’paygani va 40 foizga yetganini taxmin qilish mumkin”, - deydi xalqaro mutaxassis.

OITS/OITV va silga chalingan bemorlar kerakli dori-darmon ololmayapti, deydi doktor Nitzan. Homilador ayollar, saratondan aziyat chekayotganlar va ruhiy yordamga muhtojlarga ham hech kim ko’maklashmayapti.

Mamlakatda emlash uchun vaksinalar qolmagan. Demak, poliomiyelit va qizamiq kabi yuqumli kasalliklar tarqalishi hech gap emas.

Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti gumanitar tashkilotlar bilan birgalikda eng asosiy tibbiy yordam ko’rsatishga, zarur dori-darmon ajratishga harakat qilmoqda, deydi suhbatdosh.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG