Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti poliomiyelit xavfidan ogohlantirmoqda

  • Amerika Ovozi

Pokistonda bolalar poliomiyelitga qarshi emlanmoqda, Ravalpindi, 6-may, 2014-yil.

Pokistonda bolalar poliomiyelitga qarshi emlanmoqda, Ravalpindi, 6-may, 2014-yil.

Jahon sog’liqni saqlash tashkilotining ogohlantirishicha, keyingi oylarda poliomiyelit kasalligi xalqaro miqyosda keng tarqala boshlagan.

Tashkilot 5-may kuni e’lon qilgan bayonotga ko’ra, Osiyo, Afrika va Yaqin Sharqning 10 mamlakatida allaqachon bu xastalik xavfli darajada ko’paygan.

“Pokiston, Kamerun va Suriya kabi chetga poliomiyelit virusini tarqatayotgan mamlakatlardagi vaziyat 2014-yilda bu xavfning yanada kuchayishini ko’rsatmoqda”, - deydi Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti Bosh direktori yordamchisi Bryus Eylvord.

Ayniqsa, Pokistonda vaziyat og’ir ekani aytilmoqda. Bu yil shu paytgacha aniqlangan 74 xastalikning 59 tasi Pokiston hissasiga to’g’ri keladi.

Poliomiyelit, odatda, besh yoshgacha bo’lgan bolalarda kuzatiladi. Uning virus bilan zararlangan suvdan yuqishi ma'lum. Kasallikni samarali davolash usullari yo’q, ammo uning oldini olish uchun mo'ljallangan vaksina mavjud.

Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti 1988-yil poliomiyelitni yo’q qilishga qaratilgan kampaniya boshlaganida, dunyo bo’ylab bu kasallikka chalinganlar soni 350 mingdan ortiq edi. O’tgan yili poliomiyelitga chalinganlar soni jami 417 bolani tashkil qilgan.

Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti poliomiyelitning xalqaro tahdidi haqida ilk bor ogohlantirmoqda.

Mutaxassislar, ayniqsa, ilgari bu kasallik kuzatilmagan davlatlarda ham poliomiyelit virusi uchrayotganidan tashvishda. Kamerun, Ekvatorli Gvineya, Habashiston, Iroq, Isroil, Somali va Suriya shunday mamlakatlar jumlasidan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG