Qaysi mamlakatlarda ayollar uzoqroq umr ko'radi?

  • Amerika Ovozi

Jahon sog’liqni saqlash tashkilotining bildirishicha, yoshi 50 dan oshgan ayollar bundan 20-30 yil ilgariga qaraganda ancha sog’lomroq. Ammo xotin-qizlar salomatligi yaxshilangan bo’lsa-da, kambag’al mamlakatlarda ayollar boy mamlakatlarga qaraganda kamroq umr ko’radi.

Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko’ra, yurak xastaligi, insult va saraton dunyo bo’ylab yoshi 50 dan oshgan ayollar hayotiga eng ko’p zomin bo’layotgan kasalliklardir. Ammo rivojlanayotgan mamlakatlarda ayni omillar tufayli yuz berayotgan o’lim hollari yoshroq ayollar orasida ham uchraydi.

Bu boy va kambag’al mamlakatlarda yoshi 50 dan oshgan ayollar salomatligini o’rganishga qaratilgan birinchi tadqiqotdir. Olimlar xulosasiga ko’ra, bemor ayollarning aksariyati oldini olish mumkin bo’lgan ayrim kasalliklarni aniqlash va davolash uchun o’z vaqtida mablag’ ajratilmagani tufayi bevaqt hayotdan ko’z yumadi.

Tashkilot rasmiysi Kolin Matersning aytishicha, rivojlangan mamlakatlar yurak xastaliklarini kamaytirish va nazorat qilish imkonini beradigan sog’liqni saqlash tizimiga ega. “Amerika Ovozi” bilan suhbat chog’ida u ko’krak va bachadon bo’yni saratonini davolash tizimi ham muvaffaqiyatli ishlayotganini aytadi.

Afrikalik ayollar orasida esa bachadon bo’yni saratoni o’lim hollarining asosiy sababi bo’lib qolmoqda. Vaholanki, bu kasallikning oldini olish va davolash mumkin. Muammo shundaki, Afrika mamlakatlarida kasallikka qarshi kurash uchun mablag’ yo’q, deydi Maters.

“Har bir odamga yuqori darajali tibbiy yordam ko’rsatish uchun pul yetarli emas. Mutaxassislar ham tanqis. Bu mamlakatlarda yuqori malakali shifokor va hamshiralar yetishmaydi. Afrikalik hamshiralarining rivojlangan mamlakatlarga ish izlab ketishi hollarini inobatga olsak, muammo jiddiyligini tushunamiz. Bunday mutaxassis o’z mamlakatida o’qiydi-da, lekin boshqa mamlakatga foyda keltiradi”, - deydi mutaxassis.

Doktor Matersning e’tirof etishicha, Afrikadagi yuqumli bo’lmagan kasalliklarga qarshi kurash uchun donorlar kam mablag’ ajratadi, chunki asosiy e’tibor onalar orasidagi o’lim hollarini kamaytirishga qaratilgan. So’nggi yillarda onalar orasida o’lim hollarining keskin kamaygani butun insoniyat uchun katta yutuq, albatta. Ammo yoshi kattaroq ayollar salomatligi uchun ham mablag’ ajratmasa bo’lmaydi, deydi Maters.

Tadqiqotga ko’ra, so’nggi 20 yil ichida yoshi 50 dan oshgan ayollar umri 3,5 yilga uzaygan. Germaniya va Yaponiya kabi rivojlangan davlatlarda ayollar 84 va 88 yoshgacha yashashi mumkin.

Kambag’al mamlakatlarda esa bu ko’rsatkich taxminan 10 yilga kamroq. Sharqiy Yevropada ayollarning bevaqt olamdan o’tishiga nafaqat yurak xastaliklari, balki halokatlar va spirtli ichimliklar iste’moli ham hissa qo’shishi aniqlangan.

Alkogolizm barobarida sigareta chekish va semizlik ham katta muammolar, deydi doktor Maters.

“Yoshi katta ayollar yuz tutayotgan muammolar aslida yoshligida boshlangan. Masalan, chekishni odamlar, odatda, o’smirligida boshlaydi. Demak, bu illatga qarshi kurashish uchun yoshlar orasida targ’ibot ishlarini olib borish kerak. Yigit-qizlarga ma’lumot tarqatish va ular orasida tushuntirish ishlarini kuchaytirish yoshi ulg’ayganda sog’lomroq bo’lishiga olib keladi”, - deydi u.

Jahon sog’liqni saqlash tashkilotiga ko’ra, xronik kasalliklar epidemiyasini yuqumli bo’lmagan umumiy kasalliklarga qarshi kurash orqali to’xtatish mumkin. Demak, baland qon bosimi, semizlik va xolesterolning yuqori darajasining oldini olish, vaqtida diagnoz qo’yish va davolash katta muvaffaqiyatlarga olib keladi. Bachadon bo’yni saratonini esa arzon va oddiy test orqali aniqlash va bu bilan ko’plab ayollar hayotini saqlab qolish mumkin.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG