AQSh WikiLeaks yetkazgan siyosiy zararni bartaraf etishga urinmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh WikiLeaks yetkazgan siyosiy zararni bartaraf etishga urinmoqda

AQSh WikiLeaks yetkazgan siyosiy zararni bartaraf etishga urinmoqda

Davlat departamenti internetda oshkor etilgan maxfiy hujjatlarda nomlari tilga olingan davlatlar bilan bog'lanib, AQSh tashqi siyosatiga ularga asoslanib baho bermaslikni so'ramoqda.

AQSh elchixonalaridan Vashingtonga yuborilgan rasmiy telegrammalarning Internetda chop etilishi Oq uy xavotiriga sabab bo'lmoqda.

Amerika diplomatlarining xorijiy rasmiylar bilan uchrashuvlari bayoni, chet davlat siyosatidagi nozik tafsilotlarning ommaga ayon bo'lishi rasmiy Vashingtonni xalqaro sahnada noqulay ahvolga solib qo'ygan. Bu shu kunlarda AQSh matbuotida eng ko'p muhokama etilayotgan mavzulardan.

AQSh rasmiylarining Eron, Saudiya Arabistoni, Qozog'iston, Xitoy va ko'plab boshqa davlatlar siyosatiga bahosi, arboblari haqida bitilgan hujjatlar Internetda paydo bo'lganidan beri Amerika rasmiylari telegrammalarda nomlari tilga olingan davlatlar bilan bog'lanib, hujjatlar mazmuni asosida AQSh tashqi siyosatiga baho bermaslikka chaqirmoqda.

Davlat kotibasi Xillari Klinton kunlarda Markaziy Osiyoga safar qildi. Davlat departamenti rasmiylaridan birining "Nyu-York Tayms" gazetasiga aytishicha, Klinton Internetga chiqqan hujjatlar mazmuni bilan tanishmagan va Ostonada prezident Nursulton Nazarboyev bilan muhokama qilmagan.

Ostonadagi universitetda Klinton ma'ruzasini tinglashga kelgan qozog'istonlik ikki qonunchi ayol nazarida AQShda shov-shuvga sabab bo'lgan masalaga Qozog'istonda jiddiy e'tibor berilmagan.

"Internetdagi hujjatlarni miriqib o'qidik", - deydi deputat Oygul Solovyova.

"Bu hol Amerika jahon siyosatida yetakchi davlat ekaniga yana bir isbot", - deydi qonunchi Zauresh Battalova.

Ostona universitetida savol-javob paytida talabalardan biri Klintonga WikiLeaks bo'yicha savol berdi. Davlat kotibi maxfiy hujjatlarning o'g'irlanib, Internetga chiqarilishini qoraladi.

Klintonning aytishicha, hujjatlarda nomlari tilga olingan inson huquqlari faollari, diniy arboblar, jurnalistlar va muxolifatchilar hayoti xavf ostida.

"Begunoh odamlar hayotini tahdidga soluvchi juda ham mas'uliyatsiz ish bo'ldi", - deydi u.

Xillari Klintonning aytishicha, internet rivojlangan davrda erkinlik bilan mas'uliyat o'rtasidagi chegarani, muvozanatni topish qiyin. Internet, undagi axborot ham foydali, ham, hatto, hayot uchun xavfli bo'lishi mumkin, deydi AQSh davlat kotibi.

So'z erkinligini himoya qilish zarur, ammo uni ifoda etayotganda mas'uliyat va ba'zi qoidalar bo'lishi lozim, deya xabar beradi "Nyu-York Tayms" Xillari Klinton so'zlariga ishora qilib.

AQShda chiqadigan yana bir gazeta, "Vashington Tayms" ham WikiLeaks mavzusini davom ettirar ekan, diplomatik xatlardan Eronga tegishlilarini sharhlaydi.

Unda aytilishicha, 2008-yilda Armaniston hukumati Eronga raketa va pulemyotlar sotgani haqida AQSh diplomatlari Davlat departamentiga ma'lumot yetkazgan. Ma'lum bo'lishicha, Eron bu qurollarni Iroqda Amerika askarlari bilan jang qilayotgan isyonchi guruhlarga tarqatgan.

Davlat kotibining o'sha paytdagi o'rinbosari Jon Negroponte Armaniston prezidenti Serj Sarkisyanga maktub yo'llab, xavotir bildirgan.

AQSh Armanistonni Ozarbayjon va Turkiya bilan yarashtirishga harakat qilar ekan, bu hol salbiy munosabatlarga sabab bo'lishi mumkin, deb yozadi Negroponte o'sha xatda. Davlat departamenti rasmiysi Armaniston prezidenti bilan suhbatda bu hol ortiq takrorlanmasligini tayinlab, yozma kafolat so'ragan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG