Jahonda siyosiy xakerlik harakati avj olmoqda

  • Amerika Ovozi

Jahonda siyosiy xakerlik harakati avj olmoqda

Jahonda siyosiy xakerlik harakati avj olmoqda

WikiLeaks sayti va asoschisiga tazyiqlar natijasida jahon bo'ylab internet faollar so'z erkinligini himoya qilishga oshiqmoqda.

Kompyuterdagi ma'lumotni noqonuniy yo'l bilan oluvchi xakerlar odatda bu ish bilan pul uchun shug'ullanadi. Davlat tizimidagi kompyuterdan maxfiy hujjatlarni chiqarib pullash yoki bankka tegishli kompyuter sistemasiga kirib, pulni o'marish uchun. Biroq so'nggi paytda xakerlarning yangi turi paydo bo'ldi. Ular siyosiy faol bo'lib, bu ish bilan g'oya uchun shug'ullanadi.

Masalan, ba'zilari WikiLeaks sahifasini qo'llab-quvvatlash maqsadida. Nyu-Yokda WikiLeaks va uning asoschisi Julian Assanj tarafdorlari namoyish qilib, unga qo'yilgan ayblovlarni rad etmoqda.

Biroq AQSh rasmiylari nazarida Assanjga qarashli WikiLeaks sahifasida maxfiy hujjatlarning chop etilgani amerikaliklar hayotini xavf ostiga qo'ydi. Ba'zilar Assanjni jinoyatchi deb atamoqda. U bir necha kun burun Londonda hibsga olinib, Shvetsiyaga ekstraditsiya qilinishi mumkin. Unga jinsiy zo'ravonlik aybi qo'yilgan.

WikiLeaks ning o'n minglab tarafdorlari internet orqali ham o'z noroziligini bildirmoqda. O'zini "Anonim" deb nomlovchi guruh WikiLeaks ga tushayotgan xayriya pulini qabul qilishdan bosh tortgan moliyaviy tashkilotlar veb-sahifalariga qarshi xuruj uyushtirgan.

"Bo'layotgan voqealardan tashvishga tushgan odamlar bu kompaniyalarga ziyon keltirib, xatosini anglashga majburlamoqchi", - deydi guruh so'zlovchisi Greg Xush.

Xakerlar xuruji natijasida MasterCard va Visa kabi kredit karta kompaniyalarining saytlari vaqtincha ishdan chiqdi. Faollar ularni internetda so'z erkinligiga qarshi chiqayotganlikda ayblamoqda. Xushning Amerika Ovoziga aytishicha, "Anonim" guruhi a'zolari WikiLeaks asoschisi Julian Assanjni qahramon deb biladi. Maxfiy hujjatlarni internetga chiqarib Assanj qonunni buzmagan, deydi ular. Guruh a'zolari asosan yoshlar bo'lib, jahonning turli burchaklaridan.

"Guruhga har kim a'zo bo'lishi mumkin. Markazimiz yo'q, serverimiz markazlashmagan. Rahbarimiz ham yo'q", - deydi Xush.

Kiberxavfsizlik bo'yicha mutaxassis Pol Sopning aytishicha, WikiLeaks tarafdorlari an'anaviy xakerlar kabi pixini yorgan jinoyatchi bo'lmagani bois ularni topish qiyin emas.

"WikiLeaks ga xayrixoh internetchilar xurujlari ko'payar ekan, ba'zilari hibsga olinsa ajabmas, chunki ular izini yo'qotish uchun deyarli hech narsa qilmayapti", - deydi u.

Biroq ularning soni katta bo'lgani uchun, deydi ba'zi kuzatuvchilar, politsiya qo'lidan ko'p ish kelmaydi. WikiLeaks yopilgudek bo'lsa ham axborot oqimini to'xtatib bo'lmaydi, chunki so'nggi paytda WikiLeaks dagi ma'lumotlarni o'zida joylashtirgan yuzlab sahifalar paydo bo'ldi. Pol Sopning aytishicha, bir serverni yopishga qancha vaqt ketsa, uning mazmunini ko'chirgan yuzlab boshqalarini ochish uchun ham shuncha vaqt sarflanadi.

"Bu shuni anglatadiki, agar internet orqali axborot tarqatmoqchi bo'lsangiz, hech kim uni to'xtata olmaydi".

Odamlar g'oyalarini ifoda etishda yangi usuldan kengroq foydalanadimi yoki ma'lum payt o'tgach, faollar zerikib kiber urushdan voz kechadimi? Ba'zi mutaxassislar va internet faollar nazarida onlayn protest harakatining kuchi haqida gapirishga hali erta.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG