“Vikiliks” asoschisi Julian Assanj taqdiri hamon noaniq

  • Amerika Ovozi

London, 13 iyul 2011

London, 13 iyul 2011

Maxfiy ma'lumotlarni fosh etib tanilgan “Vikiliks” (WikiLeaks) vebsayti asoschisi, bir necha oy avval Londonda hibsga olingan Julian Assanj masalasi shu kunlarda London sudida ko’rib chiqildi.

Shvetsiya huquq-tartibot organlari tomonidan jinsiy tajovuzlikda ayblanayotgan Assanjning bu davlatga ekstraditsiya qilish masalasi yana kechga qoldirildi.

Ikki kun davomida Assanj ishini ko’rib chiqqan sud qaror chiqara olmadi. Bu esa deyarli bir yildan beri davom etayotgan ish yanada cho’zilishidan darakdir.

O’tgan yil avgust oyida “Vikiliks” vebsaytining ikki xodimi Assanj ularga jinsiy tajovuz qilganini ta’kidlagan edi.

Assanj advokatlari esa unga nisbatan rasman hech qanday ayblov qo’yilmagani, shu sababdan Stokgolmning ekstraditsiya so’rovi ham asossiz ekanini aytmoqda.

Assanj ishi ko’rib chiqilayotgan sud binosi yaqinida uning tarafdorlari yig’ildi. Ular uchun Assanj – so’z erkinligi kurashchisidir.

“Vikiliks” G’arb davlatlarining terrorchilikka qarshi kurashda qo’llagan uslublarini namoyon etgan ko’plab maxfiy hujjatlarni fosh etgan.

AQShning turli mamlakatlaridagi elchixonalari Davlat Departamentiga yuborgan minglab telegrammalari “Vikiliks”da chop etilib, katta shov-shuvga sabab bo’ldi.

Assanj Shveysiyaning so’z erkinligi borasidagi nufuzi yuqori ekani va qonunlari erkinligini inobatga olgan holda, “Vikiliks” kompaniyasini aynan shu mamlakatda ro’yxatdan o’tkazgan edi.

Amerika Adliya vazirligi ham Assanj qonunlarni buzgan-buzmaganligi masalasini ko’rib chiqmoda.

Assanjning o’zi agar AQShda aybdor deb topilsa, u o’lim jazosiga mahkum etilishi mumkinligini aytgan.

London sudi Assanj masalasini endi qachon ko’rib chiqishi noaniq.

"Vikiliks" fosh etgan ma'lumotlar haqida lavha:

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG