Axborot erkinligi va davlat xavfsizligi: Qanday ma’lumot maxfiy sanaladi?


Axborot erkinligi va davlat xavfsizligi: Qanday ma’lumot maxfiy sanaladi?

Axborot erkinligi va davlat xavfsizligi: Qanday ma’lumot maxfiy sanaladi?

AQSh diplomatiyasi hamda Afg’oniston va Iroqdagi urushlar haqida maxfiy ma’lumotlar “WikiLeaks” saytida fosh etilgach, erkinlik va xavfsizlik masalalari yanada dolzarblashgan.

Diplomatik va harbiy sirlarni oshkor qilish davlat xavfsizligiga qanchalik tahdid soladi? Oshkoralik nima degani?

Xalq, keng omma, davlat rahbarlari qilayotgan ishlar haqida qanchalik bilishi kerak? Qanday ma’lumot maxfiy ma’lumot?

“Mamlakatimizda har bir fuqaro “WikiLeaks” fosh etgan narsalar haqida bilishga haqli. Hukumatimiz bizdan olingan soliqni qanday va nima uchun sarflaydi”? – deydi Lyusi Dalglish, Matbuot Erkinligi Qo’mitasi raisi.

Jurnalistlar yuritadigan bu mustaqil tashkilot davlat sirlari degan tushunchaga tamoman qarshi. Ayrim nozik ma’lumotlarni ayon qilish xavf tug’dirishi mumkin, deydi Lyusi Dalglish, lekin axborotni xalqdan yashirish uchun bu yetarli asos emas.

Markaziy Razvedka Agentligi sobiq tahlilchisi Jeyms Bryus bu qarashdan yiroq. Xavfsizlik bilan bog’liq o’ta nozik ma’lumotlarni hamma o’qiy olmaydi, deydi u.

“Dushmanlarimiz Amerika matbuotini sinchiklab o’qiydi. Ular bizning hatti-harakatlarimizni yaxshilab o’rganib, bizga qarshi xurujlarda bu axborotdan foydalanishi aniq. Razvedkamiz qanday ishlashini ular bilmasligi kerak axir. Odatda matbuot xavfsizlikka tahdid nimalardan kelishini bilmaydi”, deydi sobiq razvedkachi.

Xagit Limor, Professional Jurnalistlar Jamiyati raisi. Uning aytishicha:

“Biz jurnalistlar axborotni tushunmay turib hech qachon efirga bermaymiz yoki chop etmaymiz. Biz har sohaning eksperti emasmiz, shu bois doimo mutaxassislarga murojaat qilamiz. Faktlarni aniqlab, xabarlarni asosli ravishda beramiz”.

Har bir muxbir, deydi u, o’z ishiga mas’uliyat bilan yondashishi, axborot nima uchun muhimligini, uning mohiyatini anglab yetishi kerak.

“Biz, jurnalistlarning vazifasi - ommani barcha muhim voqealardan ogoh qilib turish. Xalqni hukumat qarorlari, uning ortidagi sabab va omillar haqida xabardor qilib qilish”.

Jeyms Bryus esa har bir jurnalist ham o’z ishini bilmaydi deydi.

“Ularning professional ekaniga ishonish qiyin. Masalan hozir Adliya vazirligi o’ta maxfiy ma’lumotlarni oshkor etgan jurnalistlarga biror narsa qilolmay o’tiribdi. Bu muxbirlar ommaga noto’g’ri axborot bergan”.

Amerikada fuqarolarni, ayniqsa jurnalistlarni davlat sirlarini oshkor etganlikda ayblash oson emas. Ma’lumotning haqiqatda xavfli ekanini isbotlash kerak bo’ladi.

Erkinlik va huquqni e’zozlash bu davlatning asosiy qadriyatlari ekan, rahbarlarga matbuotni tanqid qilish ham yarashmaydi. Axborot vositalari – omma va boshqaruvchilar uchun birdek minbar.

XS
SM
MD
LG