Olovli qish - Ukrainadagi xalq g'alayoni haqida hikoya qiluvchi film

  • Amerika Ovozi

"Olovli qish" nomli hujjatli film Oskar mukofotiga tavsiya etilgan. Uning rejissori Yevgeniy Afineevskiy Ukrainada 2014-yilda yuz bergan xalq g'alayonini tasvirlaydi. O'shanda bir million ukrainalik hukumatga qarshi bosh ko'tarib, Viktor Yanukovichni prezidentlikdan ag'dargan edi.
2013-yilning noyabrida bir million odam Kiyevning markaziy maydoni va shaharning boshqa qismlarida to'planib, konstitutsiyaviy islohotlar talab qildi. Erkaklar, ayollar, hatto bolalar prezident Viktor Yanukovichni iste'fo berishga chaqirdi.
Prezident Yanukovich Rossiya bilan ittifoqchi bo'lishni afzal ko'rdi. Bu esa noroziliklarni yanada kuchaytirdi.
"Men Yanukovichga qarshiman. U biz uchun yaxshi prezident emas. Ko'zlarim oldida uning askarlari bir ayolni urdi. Qizlarni, bolalarni urishyapti. Meni ham kaltaklashdi", - deydi 12 yoshli bola.

Berkut kuchlari qurolsiz fuqarolarga tashlangach, tinch namoyishlar zo'ravon tus oldi. Bu lahzalarni Yevgeniy Afineevskiy suratga tushirdi.

"Bu payt hech kim xavf haqida o'ylamayotgan edi. Biz bu lahzalarni suratga muhrlash va tarixni saqlab qolish bilan band edik", - deydi u.
"Olovli qish" filmida politsiya odamlarni otayotgani va urayotgani aks etadi. Qahraton qish va zo'ravonlik xalqni ko'chaga chiqishdan to'xtata olmadi.
"Tibbiy xizmatchilar butun Ukrainadan kelishdi. Ular 24 soat to'xtamay yordam ko'rsatishdi", - deydi guvohlardan biri.

Afineevskiy surat va videolarni yig'ishda ijtimoiy tarmoqlar katta yordam berganini aytadi.

"Men bu yerda bo'lgan kinochilar, professionallar va havaskorlar bilan gaplashdim. Chunki har bir odamning o'z qarashi yoki qandaydir texnikasi bor. Professional va video kameralar, telefonlar, GoPro apparatlari, xullas, har bir mavjud texnika bizga yordam berdi", - deydi u.
93 kun davom etgan zo'ravonlik ketidan Yanukovich hokimiyatdan ketdi. Parlament bir qator yangi qonunlar qabul qildi. Berkut faoliyatini to'xtatib, namoyishchilarga qarshi choralarni bekor qildi hamda 2004-yilgi konstitutsiyani qayta tikladi.
Yevgeniy Afineevskiy ishlagan film esa xalq birligi qanday siyosiy o'zgarishlar olib kelishi mumkinligiga bir misol bo'lib tarixga kirdi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG