Qish yaqinlashmoqda, minglab qochqinlar qayga borsin?

  • Amerika Ovozi

Havo sovib qish yaqinlashar ekan, Yevropadan madad so’rayotgan qochqinlarning holi ne kechadi degan savol ko’pchilikni qiynamoqda. Ikkinchi jahon urushidan beri qochqinlarning bu qadar katta oqimi kuzatilmagan. Bu insonlarga yordam kerak. AQSh jadalroq harakat qilsin, deya undamoqda vaziyat bilan yaxshi tanish mutaxassislar.

O’rta dengiz orqali Yevropaga kirib kelayotgan qochqinlar soni kamaymagan. Yuzlab ming boshpanasiz migrantlar ko’makka muhtoj.

Bolqon yarimorolidagi davlatlar mablag’ yo’q deydi, qochqinlarni qabul qilish uchun xohish ham yo’q. Biroq bu bilan odamlar oqimi to’xtab qolmayapti. Gumanitar yordam berilmasa, insonlar hayoti xavf ostida.

Xalqaro hamjamiyat konkret choralar ko’rishi kerak, deydi Jon Xopkins universitetidan professor Charlz Gati, Yevrosiyo bo’yicha ekspert.

“Bolqon yarimorolidagi mamlakatlarning qochqinlarga qarash uchun puli yo’q, ularning o’ziga ko’p jihatdan yordam kerak. Germaniya rahbari Angela Merkel Turkiyaga bu borada hamkorlik uchun uch milliard yevro berayapti. Osonmas, yetmasligi mumkin, lekin harakat qilish kerak",- deydi Gati.

Amerikalik uchuvchi Brayan Lisko O’rta dengizda qochqinlarni qutqarish ishlarida jonbozlik ko’rsatmoqda. Odamlar dengizda nobud bo’lmasligi uchun Yevropa qo’ldan kelganini qilmoqda, deydi u.

“Xatarli kemalarda kelayotgan qochqinlarning hayotini asrab qolish uchun bu davlatlar qattiq choralar ko’rayapti. Sohilga yetolmay suvda qolib ketgan, kontrabandachilarga aldangan odamlar qutqarilmoqda. Bu katta gap. Yevropa davlatlari qarab o’tiribdi, deyish xato bo’ladi”, - deydi Lisko.

Migratsita siyosati institutidan Katlin Nyulend deydiki, Qo’shma Shtatlar atigi 10 ming qochqinni qabul qilamiz deb chiqqani uyat. Inqirozga javob emas bu, deydi u.

“Vaqt o’tishi bilan Amerika baribir ko’proq qochqinni qabul qilishga majbur bo’ladi, xususan Suriyadan. Ularni kiritish va joylashtirish jarayoni juda byorokratik, sekin va qimmat. Tizimni isloh qilish kerak. AQSh avvalo ko’proq qochqinni o’z bag’riga olishi lozim”,- deydi Nyulend.

BMT qochqinlar agentligi Gretsiya va qo’shni davlatlarda yordamga muhtoj odamlar uchun qish oylarida kamida 96 million dollar kerak deb a’zo mamlakatlarga murojaat qilmoqda. Xorvatiya, Serbiya, Sloveniya va Makedoniya gumanitar fojia markaziga aylanmasligi uchun mablag’ni vaqtida ajrating, deya ogohlantirmoqda tashkilot.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG