Yaqin Sharq ommaviy qirg'in qurollaridan xoli hududga aylanadimi?

  • Amerika Ovozi

Suriyaning kimyoviy qurollarini yo’qotish hamda Eronning yadro dasturiga barham berish Yaqin Sharqni ommaviy qirg’in qurollaridan xoli hududga aylantirish g’oyasini yana kun tartibiga qo’ydi. Ammo tahlilchilar buning amalga oshishi ancha murakkab ekanini aytadi.

BMT missiyasining kimyoviy qurollarni yo’q qilish uchun Suriyaga otlanishi hamda Eronning hech qachon yadro quroli ishlab chiqarmaslik haqida qilgan bayonoti Yaqin Sharqni ommaviy qirg’in qurollaridan xoli mintaqaga aylantirishi haqidagi umidlarni oshirdi.

Ammo Emad Shahin kabi siyosiy tahlilchlar buning hali-beri amalga oshmaydigan orzu ekanini aytadi.

“Agar kimyoviy va yadro qurollari xavfi yo’q qilinsa, mintaqa ancha o’nglanadi. Ammo bu bir necha o’n yillardan beri aytilayotgan gap”, - deydi u.

Oshkoralikning yo’qligi asosiy muammolardan biri. Eron G’arbning yadro quroliga oid ayblovlarini keskin rad etadi. Suriya esa kimyoviy qurollari borligini faqat AQSh hujum qilishi aniq bo’lgandan so’nggina tan oldi.

Misr, Liviya, Iroq va Eronda ham kimyoviy qurollar borligi aytiladi. Isroil hatto yadro quroliga ega.

Regionda tinchlik o’rnatish bo’yicha harakatlar davom etar ekan, Qohiradagi Amerika universiteti jamiyatshunosi Said Sodiq muammoga har tomonlama diqqat qaratish lozimligini ta’kidlaydi.

“Hamma tomonlar teng ishtirok etishi kerak. Toki nizolar mavjud ekan, bu mazkur qurollarni saqlab turish uchun asos bo’lib xizmat qiladi”, - deydi u.

Qurolga oid bahslarda Isroil nomi tez-tez tilga olinadi.

“Bu yerda qandaydir mudofaa doktrinasi hukm suradi. Mudofaa nomi ostida Isroil har doim qo’shnilaridan harbiy jihatdan ustun bo’lishga intiladi”, - deydi tahlilchi Emad Shahin.

Mintaqa mamlakatlarining harbiy salohiyatini bir darajada deb bo’lmaydi. Umumiy tinchlik nomi ostida o’zaro raqib davlatlarning quroldan voz kechishiga ishonish qiyin.

“Hududda harbiy notenglik hukm surib turgan bir paytda mamlakatlarga bosim o’tkazib, qurollaridan voz kechishga undash oson emas”, - deydi Shahin.

Ko’pchlik prezident Obamaning Suriya mojarosi bo’yicha tutgan mavqeini bo’shlikka yo’ydi. Uning hujum qilish fikridan qaytgani mintaqaning boshqa davlatlarini ham ana shunday qurollar ketidan tushishga rag’batlantirishi mumkin, deydi Said Sodiq.

“Obama o’z hurmatini saqlashga urindi. U yangi yo’l qidirishga tushdi. Eronning yadro dasturini bir yoqli qilib bo’lmayapti. Endi esa AQSh Suriyaning kimyoviy qurollarini ham eplay olmadi. Assad qutilib qoldi”, - deydi siyosatshunos.

Eron yadro dasturining faqat tinch maqsadlar yo’lida ekanini ta’kidlashiga qaramay, ko’plab davlatlar, xususan, Isroil bunga shubha bilan qaraydi.

“Natijada Misr va Saudiya Arabistoni kabi davlatlar ham muvozanatga erishish uchun o’z yadro dasturlarini amalga oshiradi”, - deydi Sodiq.

Bunday holatda, deydi tahliilchi, xalqaro kuchlar har qancha harakat qilmasin, minataqa tinchlikka yuz tutish o’rniga, yana qurollanish poygasiga kirib ketishi mumkin.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG