Vashingtonda muhtasham binolar qurayotgan me'mor ayol

  • Amerika Ovozi

Krissa Volf qurgan imorat

Krissa Volf qurgan imorat

Suhbatdoshimiz – quruvchi-me’mor ayol. Kasbini yaxshi ko’radi, topish-tutishi ham joyida. Tinib-tinchimaydigan Krissa Volf bolaligidan san’atga ixlosi baland:

“Ota-onam erta o’tib ketishgan. Shuning uchun qarindoshlarim bilan yashar edim. Eng yaqin qarindoshim juda talantli rassomlar oilasidan chiqqan edi”.

Bu rassomlar oilasi Gretsiyada cherkov va uylarning peshtoqini bezagan. Avlodlar Amerikaga ko’chganidan keyin ham kasbiga sodiq qolgan.

“Cherkovlarga oro berishar edi. Ba’zida suratlar chizishgan. Lekin asosiy kasbi quruvchilik bo’lgan, chunki Amerikada surat chizib non topish qiyin edi-da. Tog’alarimning qilgan ishlarini ko’rib lol qolar edim. Doim orqalaridan ergashib yurar edim”, - deydi Krissa Vold.

Ana shu bolalik tajribasi oxiri uni ham boqa boshladi.

Bugun u mohir rassom.

Buning ustiga, muhojir tog’alari kabi Krissa Volf me’mor. Ajoyib uylar quradi.

“Esimni tanibmanki, nimalarnidir yasash, qurish jonu dilim. Rasm chizmasam, quruvchilik bilan bandman”, - deydi me’mor.

Ammo erkaklar hukmron quruvchilik sohasida oyoqqa turish oson bo’lmadi.

Krissa Volf hayotiy misol keltiradi.

“O’shanda meni yollashlariga ishonchim komil edi. Rosa xursand edim. Nusxalarni chizib, hammasini tappa-tayyor qilib qo’ygan edim. Mijozlarim er-xotin edi. Ayol mening chizmalarimni juda yoqtirdi, maqtab-maqtab xayrlashdi. Uydan chiqayotib, ana bo’ldi, shuncha mehnatim samara berdi, meni yollashadi, deb ketayotgan edim. Bir payt eri “uyimizni ayol kishi qurib, bezashi qolgan edi, hech hamda” deganini eshitib qoldim”. Hafsalam pir bo’ldi”, - deydi u.

Bugun Krissa Volfning muvaffaqiyatli quruvchilik biznesi bor. Poytaxtda mukofotga loyiq topilgan imoratlar, xonadonlarni bunyod etdi.

Har birida uning uslubini sezasiz.

Volfning aytishicha, erkaklar hanuz ko’p sonni tashkil etuvchi bu sohada ayollar muvaffaqiyat qozonmoqchi bo’lsa, ko’proq, qattiqroq ishlashi kerak.

“Ko’proq ayollar, yoshlar shu kasbga kirishini xohlar edim. Yoqtirgan ishingiz bilan shug’ullanishga nima yetsin. O’zimdan qiyos. Maza qilib ishlayman, yoshlarga ham shuni ravo ko’raman”, - deydi Krissa Volf.

Krissa Volf ijodidan

Krissa Volf ijodidan

Krissa Volf qurgan imorat

Krissa Volf qurgan imorat

Krissa Volf chizgan surat

Krissa Volf chizgan surat

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG