Parlament a’zolari orasida ayollar ko’paymoqda

  • Amerika Ovozi

Qozog'istonlik ayollar parlament deputatlari bilan uchrashuvda. 2013-yil.

Qozog'istonlik ayollar parlament deputatlari bilan uchrashuvda. 2013-yil.

Yangi tadqiqotga ko’ra, dunyo bo’ylab parlament a’zolari orasida ayollar ko’paymoqda. Parlamentlararo ittifoq chiqargan hisobotda qayd etilishicha, o’tgan yilda xotin-qizlar barcha deputatlar sonining 22 foizini tashkil etgan. Bu 1,5 foizga o’sish degani.

Dunyoda parlament a’zolari orasida ayollar soni 1,5 foizga o’sgan. Bu katta raqam bo’lib tuyulmasligi mumkin. Lekin agar shu zayilda davom etsa, 20 yildan so’ng deputatlarning yarmini ayollar tashkil etadi, deydi Parlamentlararo ittifoq vakillari.

Bunday yutuqqa erishilganining sababi ko’pgina davlatlarda deputat ayollar uchun kvota kabi huquqiy va boshqa choralar ko’rilayotganida.

Masalan, O'zbekistonda 2004-yilda kvotalar joriy etilganidan buyon parlament deputatligiga nomzodlarning kamida 30 foizini ayollar tashkil etishi talab qilinadi. Lekin ularning qanchasi Oliy Majlisga saylanishi noma'lum. Bu saylovchilarga bog'liq, deb sanaladi. Markaziy Osiyoda O'zbekiston bunday kvota joriy etgan yagona mamlakatdir. 2008-yildan buyon Oliy Majlisning Qonunchilik palatasini Dilorom Toshmuhamedova boshqaradi. Ma'lumotlarga ko'ra, dunyoning 189 mamlakati ichida O'zbekiston deputatlar orasidagi ayollar soni bo'yicha 70-o'rinda turadi.

Dunyoning 189 mamlakati orasida bu masalada Ruanda, Andorra, Kuba, Shvetsiya va Janubiy Afrika ilg’or mamlakatlar. Reytingning eng quyi pog’onalarida esa Mikroneziya, Palau, Qatar va Vanuatu joylashgan.

Qit’alarni qiyoslasak, birinchilik Shimoliy va Janubiy Amerikada. Bu yerda deputatlarning 15,2 foizi – ayollar. Ammo o’tgan yilda erishilgan muvaffaqiyatlar jihatidan eng peshqadami - arab dunyosi: Saudiya Arabistonida Shura kengashiga 30 ayol tayinlandi, Iordaniyada esa 18 ayol parlamentga saylandi.

Tashkilot bosh kotibi Anders Jonson so’zlariga ko’ra, Afrikada ham ijobiy o’zgarishlar kuzatilgan. Qariyb 20 yil avval bu qit’ada ayol deputatlar soni 10 foizga ham yetmasdi. Endi esa 22.5 foizga teng, deydi u.

“Bu ma’noda dunyodagi eng zo’r mamlakatlar Afrikada joylashgan. Ular safida eng ilg’ori – Ruanda, parlament a’zolarining 60 foizi ayollar. Jamiyatda shu masalaga e’tibor qaratilib, zarur qadamlar qo’yilsa natijaga erishasiz. Afrika bunga misol. O’tgan yili shunday natijani Kamerunda ko’rdik, Togo va Zimbabveda ham,” - deydi Jonson

Masalan, AQSh Kongressi a'zolaridan 99 nafari, ya'ni 18,5 foizi - ayollar.

Eng qolog’i esa Osiyo-Tinch okeani mintaqasi. Avstraliyani inobatga olmasak, bu mintaqada deputatlarning bor-yo’g’i 3,2 foizini ayollar tashkil etadi.

Tarkibida xotin-qizlar bo’lmagan parlament samarali ishlolmaydi, deydi Parlamentlararo ittifoqning gender masalalari bo’yicha mutaxassisi Karin Jabre.

“Biz bundan 3-4 yil oldin o’tkazgan tadqiqot doirasida “ayol deputatlardan nima foyda”, deb so’ragandik. Shunda parlament a’zolari ustuvor masalalarning o’zgarishiga aynan ayollar sababchi bo’lganini aytgan. Masalan, ular ayollarga nisbatan zo’ravonlik, xususan, oiladagi zug’um muammosini ko’targan,” - deydi mutaxassis.

Tashkilot ma’lumotlariga ko’ra, o’tgan yilda siyosiy zo’ravonlikka uchragan ayollar soni ko’paygan. Saylovlar davomida ayollarni siyosatga yo’latmaslik maqsadida ularga tazyiq o’tkazish, qo’rqitish, hujum qilish hollari ko’paygan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG