Kasb o'zgartirishdan cho’chimayotgan ayollar

  • Amerika Ovozi

Kasbni o'zgartirish odamdan jasorat talab qiladi, ayniqsa, iqtisodiyot og'ir bir sharoitda.

Mavjud fikr shuki, yosh ayollar ish izlar ekan, erkinlikni ma’qul ko’radi, yoshi kattaroq ayollar esa avvalo moliyaviy tomonni o'ylaydi.

Vashingtondagi yirik firmada ishidan ko’ngli to’lmay yurgan Kristi Mims karyerani yangilash bo’yicha bir loyihaga yozildi va tez orada o’zi xohlagan sohani topdi. Ayol hozir o'z biznesini ochgan, boshqa xotin-qizlarga yordam va maslahat berayapti.

Kristi Mims trener kasbida (job coaching) to’xtaganidan beri bor e’tiborini ayollarga qaratdi.

Uningcha, xotin-qizlar erkaklarga qaraganda ko’proq madadga muhtoj, chunki istagan narsasi uchun kurashmaydi:

“Ularning dardini tushunaman, chunki avval o’zim shunaqa edim. Lekin oxirgi paytlarda xotin-qizlar orasida kayfiyat o’zgarib, har narsaga qodir ekanini bilish hissi uyg’onganini sezdim. Orzuga ishonib, unga erishish mumkin ekaniga ishonch paydo bo’ldi”, - deydi Mims.

Roni Kaplanga hozirgi ishi yoqmaydi. U kichik oilaviy biznesda moliyaviy masalalar uchun mas’ul:

“Kasbiy o’sish yo’q. Oilaviy biznes bu, men ularga begonaman”, - deydi u.

Kaplan o’zida yangi qobiliyat kashf qildi.

“Kompyuter sistemalarida ishlashni, kavlashtirib o’tirishni yoqtiraman. Remont qilib, xuddi yangiday ishlatib bera olaman”, - deydi u.

Kaplan treneri Mimsdan maslahat oldi:

“Kompyuter sistemalari bo'yicha konsalting firmasida ishlashim, hatto o’zimning firmamni ochishim mumkin, deya ishontirdi u”.

Mims hammaga doim muomalada bo'lishni tavsiya qiladi.



“Iloji boricha ko’proq odamlar bilan tanishing. Imkoniyat bo’lsa, gaplashing, ular bilan yaxshi muomalada bo’ling, ishonchini qozoning. Chunki sizni eslab qolishsa, yaxshi taassurot qoldirsangiz, yordam berishga moyilroq bo’ladi ular. Kerakli odam bilan ko’rishganda sizni eslashadi”, - deydi trener.
Iqtisodiyot og'ir bir ahvolda, ayniqsa, kasb o'zgartirish jasorat talab qiladi

Iqtisodiyot og'ir bir ahvolda, ayniqsa, kasb o'zgartirish jasorat talab qiladi


Ijtimoiy aloqa vositalari, xususan, "LinkedIn" sayti ish topishda g’oyat kerakli vositaga aylangan. “Bu sayt orqali yangi tanishlar orttirasiz. Kundalik hayotda umuman uchratmaydigan insonlar bilan bog’lanasiz”, - deydi Mims.

Geffon Patterson hozirgi ishini ana shunday qilib topdi. Endi konsalting firmasida ishlayapti.

“LinkedIn" saytiga kirib, tanishlarimga birma-bir xat jo’natdim. Shu-shu firmada ishlar ekansiz, odam yollayotgan ekansiz, meni esa quyidagilar qiziqtiradi, dedim. Agar biror imkoniyat paydo bo’lsa, rezyumemni berib qo’ying, deb so’radim”, - deydi u.

U yangi kasbidan mamnun, kelgusi rejalari o’zgarishi mumkin lekin.

“Alohida biznes ochib yoki birovga sherik bo’lib, ish qilsam… Odamlar hayotiga ijobiy ta’sir qila olsam, deya umid qilib yuribman”, - deydi mutaxassis.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG