Onalar uchun eng yaxshi va yomon sharoitlar qayerda?

  • Amerika Ovozi

Onalar uchun dunyodagi eng yaxshi joy – Norvegiya, Niger esa eng yomoni. “Bolalarni asrang” gumanitar tashkiloti Amerikada Onalar kuni (13-may) arafasida aynan shunga bag’ishlangan yangi hisobot chiqardi.

“Bolalarni asrang” tashkiloti rahbari Kerolin Maylz deydiki, dunyo bo’ylab ona bo’lishga ta’sir ko’rsatadigan omillar o’rganib chiqildi. 165 mamlakatdagi vaziyat elakdan o’tkazildi. Onalar yuzlashadigan muammolarga e’tibor qaratildi.

Reytingda nafaqat ona, balki bolalar yashayotgan sharoit ham inobatga olindi.

"Bolani dunyoga keltirish, ular salomatligi, o’lim hollari, bularning hammasini hisobga oldik”,- deydi Kerolin Maylz.

Onalar uchun jannat mamlakat Norvegiyadir, deydi “Bolalarni asrang” tashkiloti rahbari.

“Xotin-qizlar uchun ta’lim olish bo’yicha bu mamlakat boshqalardan ustun. Tug’ruq paytida ayolga tibbiy yordam ko’rsatadigan shifokor va hamshiralar soni bo’yicha ham”.

Reytingning yuqori pog’onalaridan Islandiya, Shvetsiya, Yangi Zelandiya, Daniya, Finlandiya, Avstraliya, Belgiya, Irlandiya, Gollandiya ham o’rin olgan. Qo’shma Shtatlar 25-o’rinda.

Ona bo’lish eng qiyin joy – Niger. Qolganlar Kongo Demokratik Respublikasi, Janubiy Sudan, Sudan, Chad, Eritreya, Mali, Gvineya-Bissau, Yaman va Afg’oniston.

Ta’limdan tortib, sog’liqni saqlash sohasigacha, bu jamiyatlarda ayollar uchun ahvol ayniqsa ayanchli.

“Bu yilgi hisobot ustida ishlayotganimizda meni dahshatga keltirgani shu bo’ldiki, Nigerda har bir ona farzandidan judo bo’ladi. Men o’zim onaman. Tasavvur qiling. Har bir onaning bitta farzandi yoshi beshga to’lmay, nobud bo’ladi,” - deydi suhbatdosh.

Kambag’al davlatlar orasida onalar farovonligiga alohida urg’u berayotganlar – Malavi, Nepal va Bangladesh. Hisobotda ular alohida tilga olinadi.

Harakatlarni bolalar salomatligi, xususan oziq-ovqat ta’minotidan boshlash kerak.

“Eng asosiysi - onaning bolani emizishi. Kambag’al mamlakatlarda bolalar orasidagi o’lim hollarini kamaytirishning eng samarali yo’li aynan shu,”- deydi mutaxassis.

“Bolalarni asrang” tashkiloti tahlilicha O’zbekiston yosh avlodga g’amxo’rlik qilish bobida yetakchi o’rinda.

Vaziyat tezlikda yaxshilanib borayotgan, xususan bolalarning to’yib ovqatlanishini ta’minlash bo’yicha O’zbekiston 15 davlat orasida birinchi o’rinda.

Lekin Londonda asoslangan “Economist” siyosiy-tahliliy jurnali “Bolalarni asrang” tashkilotini sayoz tadqiqot va puch xulosalar qilgan, deb tanqid qilmoqda. Raqamlar haqiqatni aks ettirmaydi, deyiladi jurnal chop etgan maqolada.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG