Faol ayollar 1963-yilgi Vashington marshini eslaydi

  • Amerika Ovozi

Xovard Universiteti talabalari Vashingtondagi tarixiy chiqishlarning 50 yilligiga bag'ishlangan marosimda ishtirok etayapti.

Xovard Universiteti talabalari Vashingtondagi tarixiy chiqishlarning 50 yilligiga bag'ishlangan marosimda ishtirok etayapti.

Amerikada fuqaro huquqlari uchun kurashda ayollar salmoqli rol o’ynagan. Yarim asr oldin Vashingtonda tenglik uchun kechgan marshda ham xotin-qizlar old qatorlarda edi. Ammo o’sha tarixiy sana, 1963-yilning 28-avgustida Linkoln yodgorligi poyiga to’plangan odamlarga ko’z yugurtirib ko’ring-da. Aksariyati erkaklar edi.

1963-yilning avgustida yurtning har xil burchaklaridan odamlar Vashingtonda jamul-jam bo’ldi. Irqiy tenglik talab qildi.

Fuqaroni oyoqqa turg’izishda Eleanor Xolms Norton kabi faollar jonbozlik ko’rsatdi. O’shanda u Nyu-Yorkda ishlardi, marshda qatnashish uchun poytaxtga yetib bordi.

“Odamlar yog’ilib kela boshladi. Bunaqa olomonni umrim bino bo’lib ko’rmagan
edim. Tarixiy bir voqea guvohi ekanimga ishonchim komil edi”, - deydi Norton.

Telma Deyli o’sha yerda edi. Vashingtonda yaqinda kechgan marosimda u 1963-yil avgustidagi voqealarni xotirladi.

“Erta borib olgan edik. Oldingi qatorlarni egallashga ulgurdik. Tinimsiz odamlar oqib kelar edi. Qayoqqa qaramang odamlar, odamlar. Bunday olamshumul yig’in shohidi bo’lib turganimizga ishona olmasdik”, - deydi Telma Deyli.

U dugonalari bilan edi. Uni ruhlantirgan siymolardan biri Qora tanli ayollar milliy kengashi prezidenti Doroti Xayt edi.

“Doktor Xayt minbarga chiqishini intizorlik bilan kutdik. Ana chiqadi, mana chiqadi deb ancha turib qoldik. Bu mo’tabar insonning ma’ruzasini tinglash orzumiz edi. Afsus, sahna ortidagi ahvoldan bexabar ekanmiz”, - deydi Telma Deyli.

Gap shundaki, doktor Xaytning martabasiga qaramay, unga so’z berilmadi.

Ayollarga, asosan, qo’shiq kuylash ravo ko’rildi, nutq so’zlash emas.

Shunday bo’lsa-da, xotin-qizlar bu kurashning bosh ijrochilari sanalgan.

Rubi Bridjes Xoll ana shulardan. U Oq uyda prezident Barak Obama bilan ko’rishar ekan, orqa planda tarixiy suratni ko’rish mumkin edi.

Unda olti yoshli Rubi askarlar qurshovida maktabda ketayotgani tasvirlanadi. 1960-yilda Yangi Orleanda oqlar bilan teng bir maktabga borgan ilk qora tanli edi u.

“Suratdagi qizaloq irqiy tengsizlik nima ekanini bilmas edi. Maktabga birinchi borishim edi”, - deydi ayol.

O’sha yili Alabama shtati, Birmingemda cherkov portlab, to’rt qora qizaloq halok bo’lgan. Qotillar Vashingtondagi marsh uchun qasos olgan, fojea butun davlatni dahshatga solgan. Joriy yil marhum qizlarga Kongressning oltin medallari tuhfa etildi.

Tenglik uchun olishgan Roza Parksni kim bilmaydi! 1955-yilda ayol avtobusda qoralar uchun ajratilgan joyda o’tirishdan bosh tortib, qamalgan. Alabama shtati, Montgomeri shahrida yashovchi qora tanli aholi o’shanda isyon ko’targan.

Joriy yili Kapitoliyda Roza Parks xotirasiga atalgan yodgorlik ochildi.

“Bir soniyada bu mard inson Amerikani, butun dunyoni o’zgartirdi”, - dedi Barak Obama uning ochilish marosimida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG