Rossiyadagi mehnat muhojirlari manfaati uchun kurashuvchi yangi tashkilot tuzildi


Moskva, 7-avgust, 2013

Moskva, 7-avgust, 2013

O'tgan kunlar ichida Rossiya bo'ylab minglab mehnat muhojirlari hibsga olindi. Hujjatsiz ishlayotganlar, deydi rasmiylar. O'zbekistonliklar federatsiyada yurganlar orasida ko'pchilik.

Rossiyada Markaziy Osiyodan millionlab muhojirlar mehnat qilib, vataniga yiliga milliardlab dollar pul yuborib, oilasini boqadi. Ular shu tariqa butun boshli mamlakatlar iqtisodiyotini ko’tarib turgan ustunlardan biri.


So’nggi yillarda Tojikiston va Qirg’iziston Rossiya hukumati bilan o’z fuqarolari taqdiri haqida muzokaralar boshlaganinin hisobga olmasak, bu migrantlar haq-huquqlari deyarli himoya qilinmaydi.

Rossiya federatsiyasi bo’ylab bir necha nohukumat tashkilotlar faoliyat yuritadi. Mehnat muhojirlari yuzlashayotgan muammolarni asosan shu organlar orqali bilamiz. Yaqinda yangi bir ittifoq vujudga keldi – Ayollar koalitsiyasi.

Rossiyada ishlab yurgan markaziy osiyoliklar ahvoli haqida faktlar to’plash kerak, ularni tahlil qilib, hisobotlar tayyorlab, xalqaro hamjamiyat e’tiboriga havola etish lozim, deydi Shohida To’laganova, yangi tashkilot koordinatori.

Maqsad – aniq isbot-dalillar va tendensiyalarga ishora qilib, hukumatlarga tavsiyalar berish, deydi mutaxassis Londondan turib biz bilan telefonda gaplashar ekan.

"Chunki tanqid qilish oson, ham Rossiya hukumatini, ham Markaziy Osiyo davlatlarini… Lekin biz fuqaroviy jamiyat sifatida nafaqat tanqid, balki konstruktiv takliflar va rekomendatsiyalar bilan chiqishimiz kerak. Undan keyin hukumatlarga bosim o’tkazib, mavjud masalalarni hal etish jarayonini boshlashimiz kerak. Agar shu ishni boshlamasak, vaziyat hozirgidan ham battar bo’lib ketadi”,- deydi mustaqil jurnalist.

Bugun Rossiyada biror yaqini yoki qarindoshi ishlamayotgan o’zbekistonlikni topish qiyin. Ular millatchilik, etnik nafrat bilan kunda yuzlashadi. Turli jinoiy guruhlar qo’lida azoblanadi, aldanadi, qolaversa doimiy siyosiy bosim ostida. Mehnat muhojirlari kamsitiladi, ularning haq-huquqlari muntazam ravishda buziladi. Nafaqat Rossiya hukumati, balki ona vatandagi rahbarlar ham bu haqiqatga ochiq ko’z bilan qarashni o’rganishi kerak, deydi faollar.

Koalitsiya a’zolari: Parijda asoslangan O’tyuraklar klubi rahbari Mo’tabar Tojiboyeva, bu tashkilotning yoshlar qanoti yetakchisi Marina Lebedeva, Rossiyadagi “Memorial” inson huquqlari markazi vakili Stefaniya Kulayeva, Turkmaniston Helsinki jamg’armasidan Tojigul Bekmetova, Qirg’izistondagi fuqaro jamiyati yetakchilaridan Tolekan Ismoilova, Aziza Abdurasulova, Valentina Gritzenko, shuningdek, “Tinchlik uchun ming ayol’ xalqaro tashkilotidan Marina Pikulina, jarayon.com sayti bosh muharriri Marina Yakovleva, mustaqil jurnalist Gulnora Ravshan, yaqindan beri huquq faollari safiga qo’shilgan Mohira Ortiqova.

Rossiyada fuqaro jamiyati tobora qattiqroq siquvga olinib, rahbarlar mehnat muhojirlarining dardiga befarq qolayotgan paytda Ayollar koalitsiyasiga bu insonlar taqdiri bilan shug’ullanish oson bo’lmaydi.

Lekin shu ishni kimdir qilishi kerak va mintaqaning yetakchi xotin-qizlari turli mamlakatlardan turib, bu mas’uliyatni o’z bo’yniga olmoqda, deydi Mo’tabar Tojiboyeva. Ayniqsa, o’zbekistonlik mehnatkashlar ahvoli og’ir, deydi faol.

“Islom Karimov Jizzax viloyatiga borgan paytida O’zbekiston matbuotiga bergan intervyusida mehnat muhojirlaridan jirkanishini aytdi. O’ta og’ir mehnatlarni qilib, oilasini boqish uchun har qanday xo’rlik va xorlikka chidayotgan mehnat muhojirlarini haqorat qildi. Bu qatlamdan hukumat yuz o’girganini ochiq oshkora bildirdi”,- deydi Tojiboyeva.

Tojikistonlik migrant ishchilar, Moskva

Tojikistonlik migrant ishchilar, Moskva

Ko’plab davlatlar Rossiyada ishlab yurgan fuqarolar taqdiri yuzasidan Kreml bilan gaplashayotgan bir paytda O’zbekiston rahbari o’z yurtdoshlarini “dangasa” deb atab, qo’l qovushtirib o’tiribdi, deydi faol. Respublikaning Rossiyadagi elchixonasi o’zini ko’rmaganga oladi.

“Bunday paytda mehnat muhojirlarining himoyasi uchun kurashish og’ir. Shu bois ham mana O’zbekiston fuqaro jamiyati vakillariga nisbatan erkinroq harakat qila oladigan Rossiya, Qirg’iziston va Tojikiston vakillari koalitsiyamizga kirishdi”, - deydi Mo’tabar Tojiboyeva.

Yangi koalitsiya masalani nafaqat Rossiya va Markaziy Osiyo rahbarlari, balki ular a’zo xalqaro organlar, jumladan, BMT va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga ham olib chiqmoqchi. Inson huquqlarini ta’minlash bu tizimlarning ham vazifasi, deydi Mo’tabar Tojiboyeva. Koalitsiya rivojlangan davlatlar yordamiga va mehnat muhojirlari katta sonni tashkil etib, bu boradagi muammolarni hal etishga majbur bo’lgan mamlakatlar tajribasiga tayanmoqchi.

Qirg'izistonlik mehnatkashlar, Krasnoyarsk

Qirg'izistonlik mehnatkashlar, Krasnoyarsk

Koalitsiya avvalo Rossiyadagi turli tashkilot va guruhlar bilan hamkorlikni yo’lga qo’ymoqchi, xususan mehnat muhojirlari o’zi ochgan uyushmalar bilan.

Shohida To’laganova va Mo’tabar Tojiboyeva deydiki, migrantlar bilan muloqot yo’lga qo’yiladi, ishonchli liniyalar joriy etiladi, muhojirlarning dardi o’rganilib, xolis hujjatlar yoziladi.

Niyat ezgu, deydi ular, mintaqa ayollari bir yoqadan bosh chiqarib bu muammo bilan shug’ullanishga bel bog’lagan.

Millionlab migrantlar qora ishlar qilib, vatandagi oilasini boqadi

Millionlab migrantlar qora ishlar qilib, vatandagi oilasini boqadi

“Ancha yillardan beri biz bir-birimizni bilamiz, taniymiz, birga ishlaganmiz. Va bu muammo hammamizni hozir birlashtiradi. O’zbekiston, Tojikiston va Qirg’iziston uchun bu katta problema. Shuning uchun biz turdik – birgalashib”, - deydi Shohida To’laganova.

“Qachonki biz bir musht bo’lib harakat qilar ekanmiz, shundagina biror bir natijaga erisha olamiz deb hisoblayman”, - deydi Mo’tabar Tojiboyeva.

Koalitsiya qayerdan moliya oladi? Faoliyatni rivojlantirish uchun zarur mablag’ xalqaro jamg’armalardan olinadi degan umid bor. Shohida To’laganovaning aytishicha, bir necha fondlar bilan muzokara boshlangan. Lekin faollarning o’zi bu ishni ko’ngilli ravishda qilishga tayyor.
  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG