Dunyoda 35 million kishi immunitet taqchilligi virusi bilan yashaydi

  • Amerika Ovozi

2006-yildan buyon Markaziy Osiyoda VIChga chalinganlar soni 13 foizga oshgan.

1-dekabr kuni dunyo ahli tarixda 25-marta Odam immuniteti taqchilligi sindromi, SPID ga qarshi kurash kunini nishonladi.

BMTning VICh/SPID bo’yicha qo’shma dasturi ma’lumotlariga ko’ra, bu davr mobaynida dunyoning ko’pgina mintaqalarida kasallikka qarshi kurashda sezilarli yutuqlarga erishilgan. Ammo ayrim hududlar, shu jumladan Markaziy Osiyo, Sharqiy Yevropa, Yaqin Sarq va Shimoliy Afrikada kurashni jadallashtirish lozim.

2012-yilda Immuniteti taqchilligi virusi (VICh) bilan yashayotgan odamlar soni qariyb 35 millionni tashkil etgan.

1981-2007 – yillarda SPIDdan 25 milliondan ziyod odam o’lgan. Bu insoniyat tarixidagi eng katta talafotga olib kelgan kasallik hisoblanadi.

BMT dasturi ma’lumotlariga ko’ra, 2006-yildan buyon Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoda VIChga chalinganlar soni 13 foizga oshgan. Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada esa kasallar soni 2001-yildan buyon ikki baravarga ko’paygan.

Xalqaro tashkilot rasmiysi Maykl Sidibe deydiki, SPID ga qarshi kurashga har bir odam jalb etilishi kerak. Kasallika birinchi navbatda chalinadiganlar, xususan, erkaklar bilan jinsiy aloqada bo’ladigan erkaklar, narkomanlar, jinsini o’zgartirgan odamlar hamda jinsiy xizmat ko’rsatadiganlarga alohida e’tibor qaratish kerak, vaholanki yuqorida aytib o’tilgan hududlarda ularga kerakli tibbiy xizmatlar ko’rsatilmayapti, deydi BMT rasmiysi.

SPID epidemiyasi ko’lamini pasaytirish uchun mablag’ kerak. Ammo ayrim hukumatlar mablag’ ajratishga shoshilmayapti, deydi Sidibe.

2012-yilda VIChga yangi chalinganlar 2,3 million odamni tashkil etdi. Bu 2001-yilgi raqamdan 33 foiz kam. Bolalar orasida virusni yuqtirish hollari esa 2001-yildan 2012-yilgacha 51 foizga kamaygan va 260 ming bolani tashkil etadi.

SPID oqibatida o’lish hollari 2005-yilda eng ko’p bo’lgan. 2012-yilga kelib 30 foizga kamaydi. Bunday muvaffaqiyatga sabab – aksilretrovirus muolajasini qo’llash.

2012-yil oxirida kambag’al va o’rta xol mamlakatlarda 9,7 million odam bunday terapiya olgan.

2011-yilda BMTga a’zo davlatlar 2015-yilga borib VICh ga qarshi tibbiy muolajani 15 million odamga ko’rsatishni maqsad qilib oldi. Ayni vaqtda Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti bunday muolajaga muhtoj yana 10 million odam borligini ma’lum qildi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG