Jahon Banki Yaqin Sharqda taraqqiyot strategiyasini o’zgartiradi


Jahon Banki Yaqin Sharqda taraqqiyot strategiyasini o’zgartiradi

Jahon Banki Yaqin Sharqda taraqqiyot strategiyasini o’zgartiradi

Jahon Banki, dunyo bo’ylab yo’qsilikka qarshi kurashuvchi tashkilot, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada taraqqiyot strategiyasini qayta ko’rib chiqmoqda.

Bank rahbari Robert Zellikning aytishicha, rahbarlar va hukumatlar almashgani bilan regiondagi muammolar o’z-o’zidan yechilib qolmaydi.

Jahon Bankining Vashingtondagi idorasida o’tgan konferensiyada jurnalistlar, olimlar, yoshlar va xotin-qizlar tashkilotlari vakillari hamda Yaqin Sharqdan tadqiqotchilar qatnashdi.

Bank prezidenti Robert Zellik deydiki, arab dunyosida g’alayonlar siyosiy tus olgan bo’lsada, negizida ijtimoiy-iqtisodiy muammolar yotgani sir emas.

Xalqni qiynayotgan o’sha ishsizlik va qashshoqlik, narx-navo kundan-kunga o’sib borayotgani, korrupsiya, hukumatlarning islohotga moyil emasligi …

“Bu murakkab masalalarni hal qilish uzoq vaqt talab qiladi. Bir mamlakat hokimi taxtdan ketib, o’rniga boshqasi kelgani hech narsani o’zgartirmaydi”, - deydi Zellik.

Muammolar kecha paydo bo’lgan emas. Xalqaro tashkilotlar bu haqda anchadan beri bong urib keladi, Jahon Banki o’nlab hisobotlar tayyorlagan.

Robert Zelik tavsiya-maslahatlar ko’p hollarda qog’ozda qolib ketganini tan oladi.

Yaqin Sharqdagi voqealarni “Facebook” yoki “Twitter” qo’zg’oloni deb ham atashdi. Ba’zilar bu fikrga qo’shiladi, ba’zilar yo’q. Ammo ular kutilmaganda boshlanib ketganini ko’pchilik tan oladi.

Deylik, Misr iqtisodiyoti 2004 yildan boshlab gurkirab o’sgani, xorijiy sarmoya jalb qilishda yetakchilardan ekani xalqaro hisobotlarda qayd etib kelingan.

“Misrda atigi ikki hafta bo’lsangiz, odamlar turmushi maqtovdan qanchalik yiroq ekanini ko’rgan bo’lardingiz”, - deydi arabshunos olim Samir Shahata, yuqori inflyatsiya hamda boy va kambag’al o’rtasidagi farqni tilga olib.

Mintaqa bilan shug’ullanuvchi advokat Rima Ali ta’biricha, boshqa repressiv jamiyatlarda bo’lgani kabi arab dunyosida ham hukumat va xalq o’rtasida tubsiz chuqurlik mavjud.

“Oddiy odamlar dunyodagi voqealar, tashqi siyosat haqida fikrlarini bayon qilishga usta, lekin o’z ko’changizda oddiygina bir svetofor buzilib yotibti, uni kim kelib tuzatishi kerak deb so’rasangiz bilmaydi”, - deydi Rima Ali.

Arab o’lkalarida, deydi u, G’arbdagi kabi ma’muriy qonunlar ishlab chiqilishi, mahalliy boshqaruv organlarida fuqaro ishtirokini oshirish zarur.

XS
SM
MD
LG