Iqtisodiy o’sish farovonlik deganimi? O'zbekiston va qo'shni davlatlardagi vaziyat tahlili


Bugun oddiy odamlar hayoti qanchalik yaxshilangan?

Bugun oddiy odamlar hayoti qanchalik yaxshilangan?

Jahon Banki va Xalqaro Valyuta Jamg’armasi tahlilicha, Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyoda iqtisodiy o’sish yuqori bo’lib, 2010-yilda o’rtacha 6,5 foizni tashkil etgan.

Bu asosan neft va gaz eksporti hamda sarmoya bilan bog’liq, deydi ekspertlar.

Jahon bozorida yonilg’iga talab uning bahosini oshirdi. Qozog’iston, O’zbekiston, Turkmaniston, Ozarbayjon kabi chetga neft va gaz sotuvchi davlatlar katta daromad oldi. Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, iqtisod 7 foizga, yalpi milliy daromad esa 5,5 foizga oshdi.

Tojikiston, Qirg’iziston, Armaniston va Gruziya singari yonilg’ini import qiluvchi mamlakatlar ko’p jihatdan xorijiy sarmoya va yordamga tayanib qolgan.

Bugungi iqtisodiy o'sish vaqtincha bo'lishi mumkin, deydi Xalqaro Valyuta Jamg'armasi mutaxassislari

Bugungi iqtisodiy o'sish vaqtincha bo'lishi mumkin, deydi Xalqaro Valyuta Jamg'armasi mutaxassislari

Iqtisodiy o’sish farovonlik deganimi? Oddiy xalq hayotida qanday aks etadi? Markaziy Osiyo, xususan O’zbekiston aholisi nima hisobiga kun ko’rmoqda?

Jahon Banki va Xalqaro Valyuta Jamg’armasi mutaxassislariga mana shu savol bilan murojaat qildik.

Javob shuki, inflyatsiya darajasi ko’tarilib bormoqda. Bu esa hayotni osonlashtirmaydi. 2010 yilda u 7 foizdan oshdi.

Bu yil butun Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazda 10 foizga yetishi taxmin qilinmoqda. Alohida olganda, inflyatsiya darajasi Qirg’izistonda eng yuqori, 20 foizdan oshgan. Buning ortida oziq-ovqat va yonilg’i narxi oshgani va ularga talab tobora kuchayib borayotgani turibdi.

Jahon Bankiga ko'ra, iqtisodiy o’sish ish o’rinlari va imkoniyatlar yaratishi zarur

Jahon Bankiga ko'ra, iqtisodiy o’sish ish o’rinlari va imkoniyatlar yaratishi zarur

Hukumatlar inflyatsiyani jilovlashga urinmoqda, moliyaviy siyosatni qayta ko’rib chiqmoqda, lekin hozircha samarasiz.

Deyvid Oven (David Owen), Xalqaro Valyuta Jamg’armasining region bo’yicha direktor o’rinbosari. Uning qayd etishicha, markaziy banklar foiz stavkalarni ko’tarmoqda, zaxiradagi mablag’ ishlatilmoqda, hukumatlar narxlarni nazorat qilib, uni cheklashga harakat qilmoqda.

Lekin iqtisodiy jihatdan kichik bu tizimlar bu muammoni bir o’zi hal eta olmaydi. Ular Xitoy va Rossiyaga tobe va shu bilan birga bu ikki yirik davlatdagi iqtisodiy taraqqiyotdan katta foyda ko’rmoqda.

Hozirgi iqtisodiy o’sish vaqtincha bo’lishi mumkin, deydi Deyvid Oven.

O'zbekiston va Tojikistonga Rossiyadagi mehnatkashlardan yiliga milliardlab dollar kirib kelmoqda

O'zbekiston va Tojikistonga Rossiyadagi mehnatkashlardan yiliga milliardlab dollar kirib kelmoqda

Global moliyaviy sistema 2008 yilgi inqirozdan qayta oyoqqa turar ekan, ishlab chiqarish emas, asosan tabiiy resurslardan daromad olayotgan mamlakatlar uzoq muddatni ko’zlagan strategiya bilan chiqishi kerak.

Mintaqaviy integratsiya, xususan qo’shnilar o’zaro iqtisodiy hamkorlikni oshirish bilan ko’plab muammolarga yechim topishi mumkin, deydi Xalqaro Valyuta Jamg’armasi vakili. Iqtisodiyotni ko’p-tarmoqli, ko’p-jabhali tizimga aylantirish haqida o’ylash kerak.

O’zbekiston va Tojikiston biznes va sarmoya uchun eng qiyin respublikalar qatorida. Chegara osha savdo bobida ham shunday. Qozog’iston va Ozarbayjonda ham tijorat uchun zarur sharoit mavjud emas. Hukumatlar bu borada chiqargan qarorlarini ro’kach qiladi, lekin amalda ijobiy o’zgarishlar sezilmaydi.

Rossiyaga ishga borish uchun avtobus kutib o'tirgan o'zbekistonliklar

Rossiyaga ishga borish uchun avtobus kutib o'tirgan o'zbekistonliklar

Boshqaruvni yaxshilash, mas’ul idoralar ishini qayta ko’rib chiqib, ularni mustahkamlash, korrupsiyaga qarshi kurash va oshkoralikni ta’minlash, deydi Xalqaro Valyuta Jamg’armasi vakili Deyvid Oven, uzoq muddatni ko’zlab qilingan effektiv choralar bo’ladi. Bular oson qadamlar emas, lekin zarur qadamlar, deya urg’u beradi u.

Qozi Matin (Kazi Matin), Jahon Bankida Markaziy Osiyo bo’yicha yetakchi mutaxassis deydiki, iqtisodiy o’sish ish o’rinlari va imkoniyatlar yaratishi zarur.

Odamlar taraqqiyotni mana shundan ko’radi, deydi u. Bank tizimlari zaif va ko’pchilik ularga ishonmaydi. Hukumatlar oldida murakkab vazifalar turibdi. Energetika va suv ta’minoti hozir ularni ayniqsa xavotirga solayotgan masalalar, deydi Qozi Matin.

Markaziy Osiyodan Rossiyaga ishchi tashiydigan avtobuslar bor

Markaziy Osiyodan Rossiyaga ishchi tashiydigan avtobuslar bor

Markaziy Osiyoda hech bir davlat bu borada o’z bilganicha harakat qila olmaydi, qo’shni davlatlar bir-biri bilan murosa qilishi, mintaqa aholisi manfaatini ko’zlagan holda ish ko’rishi lozim.

O’zbekiston va Tojikiston orasida Rog’un gidroelekr inshooti loyihasi ustida kechayotgan kelishmovchilik xalqaro hamjamiyat, xususan Jahon Banki yordami bilan hal etiladi degan umid bor. Ammo bu tashkilot nazarida yechim hukumatlar irodasiga bog’liq.

Chet elda ishlayotgan millionlab fuqarolar yuborayotgan mablag’ ham iqtisodiy tayanchga aylangan.

Tojikistonda milliy daromadning 50 foizga yaqini bugun Rossiya va boshqa davlatlarda pul topayotgan migrant ishchilar hissasiga to’g’ri keladi. O'tgan yili 2 milliard dollardan oshgan.

O’zbekistonga ham xorijdagi mehnatlashlardan 2010 yilga taxminan 2-3 milliard dollar kirib kelgan.

Rossiyada topilayotgan pul vatanda iqtisodiy tayanch, lekin ishchilarning u yerdagi ahvoli xarob

Rossiyada topilayotgan pul vatanda iqtisodiy tayanch, lekin ishchilarning u yerdagi ahvoli xarob

Bugun rasmiy va norasmiy iqtisodni bir-biridan ajratish qiyin, deydi Deyvid Oven va Qozi Matin, chunki gap odamlarning qo’lidagi pulda.

Jahon Banki vakili bu borada aniq ma’lumotlar mavjud emasligini tan oladi. Xalqaro tashkilotlar o’z hisoblariga ega, lekin mamlakat ichidagi vaziyatni o’rganishda hukumat bilan hamkorlik qilishga, rahbariyat berayotgan raqamlarga tayanishga majbur.

Ahvol aslida qanday ekanini oddiy odamlar biladi, deydi mutaxassislar. Millionlab oilalarning qozoni chet eldagi qarindoshlari yuborgan pul evaziga qaynamoqda. Chet eldagi fuqarolar xalqni boqayapti degan gapda jon bor.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG