Markaziy Osiyo va Yevropa uchun 9,3 milliard dollar

  • Amerika Ovozi

Markaziy Osiyo va Yevropa uchun 9,3 milliard dollar

Markaziy Osiyo va Yevropa uchun 9,3 milliard dollar

Jahon Banki Guruhi 2011 moliyaviy yilda Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlariga 9,3 milliard dollardan ortiq mablag’ ajratdi. Bu global iqtizodiy inqirozdan oldingi darajaga nisbatan ikki barobar ko’pdir.

Turkiya, Ruminiya va Polsha - har biri 1 milliard dollardan ziyod yordam olgan davlatlar.

Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng ko’p madad Qirg’iziston va Tojikistonga berilgan.

Ularga qaraganda boyroq hisoblangan Qozog’iston va O’zbekiston ham Jahon Banki ko’magida turli loyihalarni amalga oshirmoqda.

Jahon Banki vitse-prezidenti Filip Lyo Uru deydiki, mamlakatlar qiyin iqtisodiy sharoitda global inqiroz oqibatlarini kamaytirish ustida ishlashda davom etmoqda.

2010 yilda, deydi u, Yevropa va Markaziy Osiyoda iqtisodiy o’sish o’rtacha 4,5 foizga teng bo’ldi.

Markaziy Osiyo va Yevropa uchun 9,3 milliard dollar

Markaziy Osiyo va Yevropa uchun 9,3 milliard dollar

2011-2013 yillarda bu ko’rsatkich oshadi degan umid bor, ammo Jahon Banki u qadar yuqori o’sish kutmayapti.

Shu bilan birga, deydi Filip Lyo Uru, oziq-ovqat va energiya narxlari nihoyatda balandligi sababli, ularni import qiladigan mamlakatlar, shu jumladan Tojikiston va Qirg’izistonda qashshoqlik ko’lami yanada kengayishi mumkin.

“Jahon Banki bu mamlakatlarni quvvatlashda davom etadi”, - deydi tashkilot vitse-prezidenti.

Jahon Banki Guruhiga besh agentlik kiradi:

Xalqaro Qayta Qurish va Taraqqiyot Banki va Xalqaro Taraqqiyot Uyushmasi qisqacha Jahon Banki deyiladi va u Guruhning eng katta qismi.

Joriy moliyaviy yilda bank Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlariga 6,15 milliard dollar ajratdi.

Bu mablag’ turli loyihalarga sarflandi, masalan, Qozog’iston va Qirg’iziston, shuningdek, Janubiy Kavkaz mintaqasi va Belarusda yangi yo’llar qurildi, eskilari ta’mirlandi.

Tojikistonda ijtimoiy himoya, O’zbekistonda esa sog’liqni saqash tizimidagi islohotlar Jahon Banki bergan moliya evaziga amalga oshirilyapti.

Bundan tashqari, deya bildiradi tashkilot, Markqaziy Osiyo va Yevropa mamlakatlarida xorijiy sarmoyadorlar uchun sharoitlarni yaxshilash, eksportni diversifikatsiyalash, ya’ni chet mamlakatlariga faqat tabiiy boyliklarni emas, balki tayyor ishlab chiqarilgan mahsulotni ham chiqarish ustida harakat ketmoqda.

Maqsad - yangi ish joylarini yaratish, bu bilan aholi daromadini oshirib, kambag’allar sonini kamaytirish.

Jahon Bankining atrof-muhit muhofazasi yo’lida ham mablag’ ajratib, hukumatlar bilan hamkorlikda turli loyihalar boshlagan.

Jahon Banki mutaxassislariga ko’ra, Yevropa va Markaziy Osiyoning ayrim joylarida so’nggi yillarda mahalliy biznes uchun sharoit bir oz yaxshilangan.

Lekin hali qilinadigan ishlar talaygina.

Jahon Banki Guruhiga kiradigan yana bir tashkilot, Xalqaro moliyaviy korporatsiya o’tgan yillarda mintaqada yangi moliyaviy xizmatlar ko’rsata boshlagan.

“Bundan tashqari biz qishloq xo’jaligi va ishlab chiqarish sanoatini quvvatlab, ekologiyaga zarar keltirmaydigan texnologiyalarni yo’lga qo’yishda yordam beryapmiz“, - deydi Snejana Stoylikovich, Xalqaro moliyaviy korporatsiyaning Yevropa va Markaziy Osiyo bo’yicha direktori.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG