Ishchi-muhojirlar vataniga katta daromad keltirmoqda


O'zbekistonliklar Rossiyada kamida ikki million, deydi bu borada izlangan ekspertlar

O'zbekistonliklar Rossiyada kamida ikki million, deydi bu borada izlangan ekspertlar

Jahon Banki hisobicha, dunyo bo’ylab bu yili ishchi-migrantlar vataniga yuborgan pul jami 440 milliard dollarga yetadi.

Afrika va Janubiy Osiyo davlatlari, qolaversa, jahonda eng ko’p aholiga ega Xitoy chet eldagi fuqarolaridan eng ko’p mablag’ olmoqda.

Yer yuzi bo’ylab 200 million odam vatanidan uzoqda ishlab, yurtidagi oilasini boqadi.

Markaziy Osiyoda O’zbekiston bu borada birinchi o’rinda ekani taxmin qilinadi. Kamida ikki million fuqarosi Rossiya, Qozog’iston, Janubiy Koreya, Amerika va Yevropa davlatlarida mehnat qilmoqda.

Bu yil oxirigacha dunyo bo'ylab ishchi-muhojirlar vataniga 440 milliard dollar yuboradi

Bu yil oxirigacha dunyo bo'ylab ishchi-muhojirlar vataniga 440 milliard dollar yuboradi

Jahon Banki bu yil ulardan qancha pul tushgani haqida aniq ma’lumot bermaydi, ammo ekspertlar ta’biricha, 2-3 milliard dollar atrofida bo’lishi mumkin.

Tojikistonga Rossiyadagi 600 mingdan oshiq fuqarosidan 2,3 milliard dollar tushgan. Bu respublika yalpi milliy daromadining 35 foizi demakdir.

Rossiyada o’rtacha 12 million muhojir ishlaydi. Aksariyati Kavkaz va Markaziy Osiyodan.

Rivojlanayotgan mamlakatlarda ko’plab oilalar aynan xorijdagi qarindoshidan kelayotgan yordam hisobiga kun ko’radi.

Global moliyaviy inqiroz oqibatlari har yerda namoyon, ammo muhojirlar bir amallab pul topayapti, deydi Jahon Bankida bu masala bilan shug’ullanuvchi mutaxassis Gans Timmer.

“Muhojir yuborgan pul to’g’ridan-to’g’ri oila qo’liga yetib borishi juda muhim. Usiz millionlab insonlar hayoti qil ustida”, - deydi Timmer.

Gans Timmer, Jahon Banki yetakchi xodimi

Gans Timmer, Jahon Banki yetakchi xodimi

O’tgan yili ishchi-migrantlar jami 415 milliard dollar jo’natgan bo’lsa, bu yil 440 milliard dollar.

Bu daromad oshayapti deganimi yoki ularning vatanidagi ahvol shuni talab qilmoqda?

“Har ikkisi… Lekin hajm oshib borayotgani ijobiy yangilik. Ko’plab mamlakatlarda taraqqiyot uchun bundan uch barobar kam pul ajratiladi. Chet eldagi fuqarolar yuborayotgan pulni xorijdan kelayotgan sarmoyaga qiyoslasak bo’ladi”.

Ekspertlar fikricha, 2012 yilga borib, ishchi-migrantlar yanada ko’p mablag’ jo’nata boshlashi tayin.

O'zbekistonliklar asosan qurilish, qishloq xo'jaligi va bozorlarda ishlaydi. Ruslar qilishni istamaydigan qora ishlar bizga tegadi, deydi muhojirlar.

O'zbekistonliklar asosan qurilish, qishloq xo'jaligi va bozorlarda ishlaydi. Ruslar qilishni istamaydigan qora ishlar bizga tegadi, deydi muhojirlar.

Lekin bu bilan vatandagi hayot osonlashadi, oilalar turmushi yaxshilanadi deya olamizmi?

"Oilalar yaqinlaridan ko’proq pul olsa, ularning hayoti o’zgaradi, albatta. Bolalarini o’qitadi, sog’lig’iga qaraydi. Tadbirkorlik qiladi, kichik bizneslarga qo’l uradi. Odamlar bank hisoblari ham ocha boshlaydi, chunki chet eldan pul olishayapti”.

Lekin fuqarolari katta sonda xorijda mehnat qilayotgan jamiyatlar oldida cheksiz muammolar.

Ish kuchi boy berilmoqda. Jamiyatning intellektual salohiyati pasaymoqda. Odamlar imkoniyat izlab uzoq yurtlarga ketar ekan, mamlakat rivoji yanada sekinlashadi.

Umid shuki, deydi ekspertlar, chetda topilgan pul vatanda kelajak uchun poydevor qurmoqda – farzandlar uchun imkoniyat yaratmoqda.

Ishchi-migrantlarning o’zidan so’rasangiz, mana bunday javoblar olasiz:

Jahon Banki bu yil O'zbekistonga chet elda ishlayotgan fuqarolaridan qancha pul tushgani haqida aniq ma’lumot bermaydi, ammo ekspertlar ta’biricha, 2-3 milliard dollar atrofida bo’lishi mumkin.

Jahon Banki bu yil O'zbekistonga chet elda ishlayotgan fuqarolaridan qancha pul tushgani haqida aniq ma’lumot bermaydi, ammo ekspertlar ta’biricha, 2-3 milliard dollar atrofida bo’lishi mumkin.

“Yashash uchun O’zbekiston yaxshi, ishlash uchun esa Rossiya. Tezroq ishlab, qaytib ketaverish kerak”.

Bu muhojirning aytishicha, u singari o’zbeklar oilasini, xalqini boqaman deb har narsa qilishga tayyor.

Rossiyadagi boshqa bir ishchi esa mehnatkashlarning qadri yo’q deya noliydi.

“Eng qora ishlarni Rossiyada bizning odamlar qiladi… Buning uchun kimdir bizni hurmat qiladi, kimdir esa buni tushunmaydi”.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG