O'zbekiston va Turkmaniston korrupsiya bobida hamon yetakchi

  • Amerika Ovozi

Korrupsiyaga qarshi kurashni targ'ib qiluvchi "Transparency International" xalqaro tashkiloti o'zining navbatdagi hisobotida Markaziy Osiyo davlatlari orasida O'zbekiston va Turkmanistonga eng past baho bergan.

Oshkoralik eng muhim talab deya kurashuvchi organ ro'yxatida jamiyatlardagi poraxo'rlik darajasi 0 dan 100 ballgacha belgilanadi. Yuroqi ball olgan mamlakatlarda korrupsiya darajasi past, jumladan, Daniya, Finlyandiya, Shvetsiya va Yangi Zelandiyada.

Ro'yxatning eng quyi pog'onasidan o'rin olgan yulg'ich davlatlar - Somali, Shimoliy Koreya, Afg'oniston va Sudan.

Agar mamlakatingiz 50 balldan past baho olgan bo'lsa, korrupsiya jiddiy muammo ekanidan dalolat beradi. Hisobotga ko'ra, jahonda 6 milliarddan ziyod odam ana shunday o'lkalarda yashamoqda. Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoning o'rtacha bahosi 33.

Hukumatlar qonunlarni qabul qilgani bilan ular amalda tatbiq etilmaydi. Poraxo'rlik, deyiladi hisobotda, ko'p hollarda repressiya bilan chambarchas bog'liq. O'tgan bir yil ichida Vengriya, Polsha va Turkiya demokratik qadriyatlardan chekindi.

Ozarbayjon, Qozog'iston, Rossiya va O'zbekistonda ahvol yanada achinarli. Poraxo'rlikni kamaytirishga xizmat qiluvchi erkin matbuot va fuqarolik jamiyati bu davlatlarda mutqalo cheklangan. Islohotlarni paysalga solayotgan Ukraina ham tanqid ostida.

"Transparency International" jadvalida Turkmaniston va O'zbekiston 18 va 19 ball bilan Markaziy Osiyo bo'yicha quyi pog'onalarni egallagan. Tojikiston 26, Qirg'iziston va Qozog'iston 28 ball oldi.

O'zbekiston bilan bog'liq so'nggi yangilik shuki, hukumat prezident qizi Gulnora Karimovaga tegishli deb gumon qilingan va G'arb davlatlarida muzlatilgan 1 milliard dollarga yaqin mablag'ni qo'lga kiritish harakatida.

Toshkentdan AQShga qilingan rasmiy murojaatda bu pul korrupsion yo'l bilan xalqdan o'marilgan va respublikaga topshirilishi kerak, deyiladi.

Fransiyada siyosiy muhojir, “O’t yuraklar” inson huquqlari tashkiloti rahbari Mo’tabar Tojiboyeva "Amerika Ovozi" ga shunday deydi:

“Bu pullar o’zbek xalqiga qaytarilishi kerak, buning uchun qandaydir komissiya, biror jamg’arma tuzilishi kerak. Bu jamg’armani xalq orasida, jamoatchilik orasida obro’ga, ishonchga ega bo’lgan faollar boshqarishi kerak. Bu pullar shu guruh orqali xalq manfaaiga yo’naltirilishi kerak. Misol uchun, O’zbekistondagi diktatura rejimi qurbonlariga, qiynoq qurbonlariga, adolatsiz rejim qurbonlari huquqlarini tiklash uchun, O’zbekistonda demokratik o’zgarishlar bo’lishi uchun sarflansa, maqsadga muvofiq bo’lardi”.

Qo'shma Shtatlar korrupsiya darajasi past bo'lgan 20 davlatdan biri. Ro'yxat boshidan 16-o'rinda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG