Yil sarhisobi: Misr ahli inqilobiy orzulariga yetganicha yo'q

  • Amerika Ovozi

Misr politsiyasi va talabalar o'rtasidagi to'qnashuv. 23-dekabr 2013.

Misr politsiyasi va talabalar o'rtasidagi to'qnashuv. 23-dekabr 2013.

Misr hukumati uch yildan beri davom etayotgan namoyish va to’polonlarni tinchitishga va mamlakatda barqarorlik o’rnatishga harakat qilmoqda. Biroq hukumatdan va yangi rahbarlardan norozilar ko’p. 2014-yilda ham Misrga osudalik kelishi amri mahol, deydi ko’pgina mutaxassislar.


2013-yilda misrliklar ko’chalarga chiqib, yangi rahbarni ham hokimiyatdan quvdi. Ularga armiya yordamlashdi. Harbiylar prezident Muhammad Mursiyni qamadi, uning tarafdorlarini hibsga oldi va ta’qib qildi.

Harbiylar yoqlayotgan muvaqqat hukumat barqarorlik kafolati deb ko’rilayotgan yangi konstitutsiya loyihasini kelasi oy referendumga qo’yadi. So’ngra prezident va parlament saylovlarini o’tkazish rejada.

Muhammad Mursiyni va uning “Musulmon Birodarlar” harakatini siyosatdan chetlashtirish qarorini, umuman, yangi rahbariyatni aksar misrliklar avvaliga qo’llab-quvvatladi. Lekin vaziyat sekin-asta o’zgaryapti, deydi faol va taniqli blogger Voil Halil.

“Mursiyning prezidentlikka qaytmasligi aniq bo’lganidan keyin odamlar hokimiyat cho’qqisida o’tirganlarga, ularning ishiga e’tibor qarata boshladi”, - deydi u.

Hukumatga qarshi namoyish qilayotganlar orasida bugun nafaqat Mursiy tarafdorlari, balki dunyoviy qarashga ega faollar va boshqalar ham bor. Norozilikning asosiy sababi erkinliklar cheklanayotganidir.

“Davlat yana eski boshqaruv usullariga qaytayotgani, kuchli nazoratga asoslangan repressiv tuzum yana bo’y cho’zayotganini odamlar ko’rib turibdi”, - deya sharhlaydi Voil Halil.

Misrdagi nochor iqtisodiy ahvoldan norozilik ham kuchli. Ishsizlik sur’ati baland, inqiloblar turizm sanoati va xorijiy sarmoyalarga jiddiy zarar yetkazdi. Oziq-ovqat va boshqa asosiy mahsulotlar narxi oshib bormoqda.

2011-yil inqilobining shiori “Non, erkinlik, qadr-qimmat” edi. Bular hamon dolzarb, deydi siyosiy tahlilchi Hisham Qosim.

“Mamlakat jar yoqasiga kelib to’xtadi. Muammolar hal etilmasa, uchinchi, to’rtinchi va beshinchi inqilobni ko’ramiz. Hech qachon to’xtamaydi ular. Harbiylarmi, islomiy kuchlarmi, hokimiyatda kim bo’lmasin, muammolarni hal qilishi kerak”, - deydi Qosim.
Misr kelajagiga umid bilan qarayotgan kuzatuvchilar ham bor.

Ibn Xaldun tadqiqot markazi rahbari Sa’diddin Ibrohimning aytishicha, inqilobiy o’zgarishlardan keyin mamlakat o’ziga kelib olishi uchun vaqt kerak, 10 yilcha vaqt”, - deydi u.

Uning fikricha, yana bir-ikki yildan keyin inqiloblardan toliqqan xalq hovridan tushadi. Ammo hozircha Misr ko’chalarida barqarorlik alomati yo’q.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG