Nufuzli xalqaro sovrin - yangi irrigatsion uslub uchun

  • Amerika Ovozi

Bu yilgi Jahon oziq-ovqat sovrini quruq yerlarni qullab-yashnatgan mutaxassisga berildi. Deniel Xillel tomchilab sug’orish uslubini kashf etgan. Suv tanqis joylarda, qurg’oqchilikdan aziyat chekkan dehqonlar bu metoddan foydalanib hozildorlikni oshirmoqda.

Deniel Xillelning Isroildagi gullab-yashnayotgan bog’lari innovatsiya timsoli.

“Har bir daraxt tagiga mana bunday plastik trubka o’tkazilgan. Bu yerga suv tomib turadi”.

Tomchilatib sug’orish uslubi qishloq xo’jaligida haqiqiy inqilob bilan barobar. Ishlatilayotgan suv hajmi keskin kamaydi.

Endi dehqonlar suv tanqisligidan qo’rqmasa ham bo’ladi. Yangi irrigatsion uslub Ispaniya uzumzorlari va Afrikadagi piyoz dalalaridan tortib Amerikaning mevazorlarigacha – ko’plab hududlarda qo’llanilmoqda, deydi Kaliforniya universiteti gidrolog-olimi Jan Xopmans:

“AQShda yetishtiriladigan meva-sabzavotlarning 50 foizi Kaliforniyaga to’g’ri keladi. Bunga qanday erishildi? Aynan mana shunday tomizib sug’orish va mikro-irrigatsiya yordamida”.

Xillel 1950-yillarda Isroilning Negev cho’llarida ish boshlagan.

“Suvdan samarali foydalanish eng dolzarb masala edi o’shanda. Chunki yer juda ko’p, suv esa kam,” - deydi u.

Ariq olib, dalani sug’orishning imkoni bo’lmaganidan keyin Xillel ekinni oz-ozdan faqat zarurat bo’lganida sug’orishga qaror qildi. Shunday qilib yangi uslub shakllana boshladi.

“Suvni ozgina, xuddi chaqaloqqa kichkina qoshiq bilan suv bergandek ishlatishga qaror qildik”.

Bugunga kelib Xillel dunyo bo’ylab sayohat qilib, olimlaru-fermerlarga o'z uslubini o’rgatadi.

Ekspertlar deydiki, iqlim o’zgarishining oqibatlari dunyoning turli hududlarida sezilar ekan, suvni tomizib sug’orish ahamiyati tobora oshib bormoqda.

“Suvdan foydalanish, samaradorlik va hosildorlikni oshirish hamda iqlim o’zgarishi. Bular hammasi bir-biriga bog’liq masalalar. Butun faoliyatimni men shunga bag’ishladim”.

Tabiat va zamon talabiga mos yangi soha, deydi Xillel.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG