Zo’rlangan ayollar taqdiri Jahon Sog’liqni Saqlash Tashkiloti e’tiborida

  • Amerika Ovozi

Jahon Sog’liqni Saqlash Tashkiloti Qirg’iziston janubi aholisi va O’zbekistondagi qochqinlarga tibbiy yordam ko’rsatishni yo’lga qo’ymoqchi.

Qirg’izistonda qariyb 700 ming odam, O’zbekistonda esa 300 ming jabrdiyda ko’mak kutmoqda.

Juzeppe Annunziata, Jahon Sog’liqni Saqlash Tashkiloti xodimi, “Jinsiy zo’ravonlik hollari bilan alohida shug’ullanamiz”, - deydi.

“Qirg’izistonda o’zbek ayollariga ayovsiz tajovuzlar bo’lgani haqida qo’limizda ma’lumot yetarli. Ularga tibbiy yordam berish hozir ustuvor vazifa”, - deydi rasmiy.

O’zbekistonda panoh topgan qochqinlarning aksariyati katta yoshdagilar, ayollar va bolalar. Ko’pi kasal, deydi doktor Annunziata. Og’ir yaradorlar operatsiya qilinishi kerak. Tumonat odam joydan joyga ko’chganida, xususan, qochqinlar lagerlarida yuqumli kasalliklar tarqalishi oson.

Qirg’iziston beqaror ekan, sog’liqni saqlash tizimi ham ishdan chiqqan. O’zbekistonda meditsina sohasi mustahkamroq, ammo qochqinlar to’lqinini eplash oson emas.

“Hozir chegara yaqinida bir necha kichik lagerlar joylashgan”, - deydi Juzeppe Annunziata.

“Odamlarning alohida-alohida, ixcham lagerlarga bo’lingani yaxshi. Shunda yuqumli kasalliklarni nazorat qilish, tarqalishining oldini olish ham osonroq bo’ladi. Tez kunda O’zbekiston va Qirg’izistonga tibbiy ekspertlarni jo’natamiz. Ular mahalliy mutaxassislarga ko’maklashadi”, - deydi Jahon Sog’liqniq Saqlash Tashkiloti vakili.

Rim papasi Benedikt XVI bugun Vatikanda qilgan ma’ruzasida Qirg’izistondagi qirg’inni tilga olib, o’lganlarning oilalariga hamdardlik bildirdi. Papa bu mamlakat ahlini ig’vo va zo’ravonlikka berilmaslikka, iymon va vijdon bilan ish tutishga undagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG