Jahon insonparvarlik kuni. BMT qurbon bo'lgan faollarni xotirlamoqda

  • Amerika Ovozi

Suriya mojarosi oqibatida gumanitar ahvol og'irlashgan.

Suriya mojarosi oqibatida gumanitar ahvol og'irlashgan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Jahon insonparvarlik kunini nishonlab, dunyoning turli burchaklarida, mojaroli nuqtalarda hayotini xavf ostiga qo’yib, millionlab muhtojlarga yordam qo’lini cho’zgan mutaxassislarni olqishlamoqda.

Jahon insonparvarlik kuniga 2008-yil 19-avgustida asos solingan. 2003-yilning o’sha kunida Bag’doddagi xurujda BMTning Iroqdagi maxsus vakili Serjio Viyerra va BMT idorasining 21 xodimi nobud bo’lgan edi.

Shu kun BMTning 2007-yil Jazoirdagi terror xurujida halok bo’lgan 17 xizmatchisi ham, 2010-yil Gaitidagi zilzilada jon bergan 22 nafar tinchlikparvar askari ham xotirlandi.

BMT hisobiga ko’ra, joriy yilda dunyo bo’ylab gumanitar faoliyat bilan shug’ullanuvchi 26 odam o’lgan.

Jahon oziq-ovqat dasturi so’zlovchisi Elizabet Bayrsning aytishicha, dasturning 12 xodimi Somali, Sudan, Gaiti, Janubiy Sudan, Kot d’Ivuarda ocharchilik bilan olishayotib, halok bo’lgan.

"Insonparvarlik bilan shug’ullanayotgan odamlar jismoniy tajovuz, do’q-po’pisa, hujum va, hattoki, o’lim bilan yuzlashishi noto’g’ri. Buni alohida ta’kidlab o’tmoqchimiz", - deydi Bayrs.

Suriyada hukumat kuchlari isyonchilar bilan bir necha oydan beri olishar ekan, gumanitar faollarning hayoti har dam xavf ostida. Shu kungacha Suriya Qizil Yarimoy jamiyatining besh xodimi o’lgan. Tahdid kuchli ekan, BMT mamlakatda ish olib borgan 300 kishilik kuzatuvchilar missiyasi mandatini uzaytirmaslikka qaror qildi.

Suriyada ko’plab tashkilotlar insonparvarlik bilan shug’ullanmoqda. Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti shular jumlasidan. Uning rahbarlaridan biri Richard Brennanning aytishicha, tashkilot ishlash qiyin bo’lgan muhitda aholini tibbiy xizmatlar bilan ta’minlashdek muhim rolni bajaradi.

"Biz nafaqat Suriya, balki boshqa joylarda ham faolmiz. Masalan, Kongo Demokratik Respublikasida zo’ravonlik ketidan 200 mingga yaqin odam turar joyini tashlab chiqdi. Natijada vabo tarqalmoqda. Bizning tashkilot unga qarshi kurashda muvofiqlashtiruvchi rolini o’ynaydi. Zarur ma’lumotlarni to’plab, tegishli agentliklarga uzatamiz, ular esa chora ko’radi. Bundan tashqari kasallik tarqalish sur’atini kuzatib boramiz, mahalliy muassasa va hamkorlarni zarur anjomlar, asbob-uskuna, ekspertlar bilan ta’minlaymiz", - deydi doktor Brennan.

Mutaxassisning aytishicha, Afrikaning boshqa joylarida oziq-ovqat tanqisligi, bolalarning to’yib ovqat yemasligi ham katta muammo. Masalan, Somalida.

Birlashgan Millatlar Tashkilotiga ko’ra, Jahon insonparvarlik kunida insoniylik, yaxshilik kabi fazilatlar kuylanadi. Har bir odamda, deyiladi jahon tashkiloti bayonotida, boshqalarning mushkulini oz bo’lsa ham yengil qilish imkoni bor. Odamlar faqat shu imkoniyatdan foydalanishda hamkorlik qilsa bas.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG