Breaking News

Dunyo bugun insonparvar kishilarga yanada muhtoj


Bugun Jahon Insonparvarlik Kuni. BMT har bir odamni mehr-oqibatli bo’lishga, ko’makka muhtoj aholiga madad ko’rsatib, boshqalar og’irini yengil qilishga chorlamoqda.

Urushmi, tabiiy ofatmi, undan asosan insoniyat azob chekishi sir emas. Dunyoning eng xavfli nuqtalarida ishlayotgan, gumanitar vazifalarni bajarayotgan mutaxassislar har qancha tahsinga loyiq.

Sayyoraning mojaroli o’choqlarida har yili o’nlab ko’ngilli xizmatchilar halok bo’ladi.

Masalan, Pokistonda deylik, toshqinlardan 20 millionga yaqin aholi xonavayron bo’lgan. Ularni qutqarish kerak, sog’lig’iga qarash kerak, suv, boshpana va oziq-ovqat bilan ta’minlash kerak. Bular bag’oyat og’ir ishlar.

Ayni damda Afrikaning Niger davlatida millionlab odamlar qurg’oqchilik bilan olishib, bir tomchi suvga zor holda kun kechirmoqda. Kongo Demokratik Respublikasi, Somali va Sudan har doimgidanda notinch. Afg’oniston, Iroq, Falastinda ham…

BMT Oziq-ovqat Dasturi vakili Emiliya Kasellaning aytishicha, ishchilar doimiy tahdid ostida. Jangarilar, qurolli to’dalar va harbiylar bosimi va o’qi ostida xizmat ko’rsatishga majbur. Chunki, insonparvarlik bu mutaxassislarning hayotiy maqsadi, deydi u.

“1999 yilda 30 xizmatchidan ayrilgan edik”, - deydi Emiliya Kasella. “Ular o’ldirilgan. Ko’pi o’z yurtida gumanitar tashkilotlarda ishlayotgan odamlar edi. Oradan 10 yil o’tib, 2009 yilda 102 xodim halok bo’ldi. Ulardan 16 nafari BMT Oziq-ovqat Dasturiga ishlar edi. Bu insonlar och-nahor aholiga non va suv ulashayotgan paytida o’ldirilgan”.

Emiliya Kasella nazarida Afrika va Sharq davlatlarida odamlar gumanitar ishchilar g’arbliklar, ajnabiylar, begona din va elatlarning vakillari deb adashadi. Ularga bosqinchi yoki targ’ibotchi deb qaraydi. Nafrat ham shunga yarasha, deydi mutaxassis. Lekin aslini olganda, gumanitar ishchilarning asosi mahalliy odamlar. BMT bunday xizmatlar uchun o’sha, yordamga muhtoj mamlakatdan odam yollaydi. Yana bir haqiqat shuki, deydi u, gumanitar xizmat ko’rsatadigan odamlar betaraf; neytrallik ularning burchi.

“Siz bilan yonma-yon jonbozlik qilayotgan insonni o’ldirishsa, albatta g’azabga to’lasiz, lekin ishimizni davom ettiramiz, chunki odamlar yordam kutmoqda”, -deydi Kasella.

Bundan yetti yil oldin, xuddi shu kuni, 19 avgustda, Bag’dodda BMT qarorgohi portlatilgan, 22 kishi, jumladan tashkilotning Iroqdagi rahbari Serjio Viyero de Mello halok bo’lgan edi. 100 dan ortiq odam jarohatlangan.

Oradan bir oy o’tib, BMT idorasi yana nishonga olingach, tashkilot 600 xodimi bilan bu mamlakatni tark etgan edi. Hozirda yana qaytib, faoliyatini kengaytirmoqda.

Dunyoda azob-uqubatda yashayotganlar behisob, lekin fidoiy, insonparvar mutaxassislarsiz odamlar hayoti yanada og’irlashgan bo’lar edi, deydi Emiliya Kasella.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG