Jahon ahli yadro qurolidan qutulmoqda, lekin Janubiy Osiyo...

  • Amerika Ovozi

"Hindiston va Pokiston o'rtasida yadro urushi boshlangudek bo'lsa, bir milliarddan ortiq odam ochlikdan nobud bo'ladi. Chunki atom bombasi portlashidan keyin dalalarda hosil bo'lmaydi".

"Hindiston va Pokiston o'rtasida yadro urushi boshlangudek bo'lsa, bir milliarddan ortiq odam ochlikdan nobud bo'ladi. Chunki atom bombasi portlashidan keyin dalalarda hosil bo'lmaydi".

Jahonda ba'zi davlatlar yangi qurollarni yaratish ustida o'ylanar, buning uchun sarmoya qilar ekan, yadro qurollaridan xoli dunyoda yashash hozircha bir orzu.

Shvetsiya poytaxti Stokgolmda joylashgan Xalqaro Tinchlik institutiga ko'ra, AQSh va Rossiya yadro arsenalini qisqartirishga kelishib, bunga o'z ulushini qo'shgan, ammo bu xamir uchidan patir xolos.

Siyosatshunoslik borasida tadqiqotlar bilan shug'ullanuvchi muassasa xulosasiga ko'ra, shunday bo'lsa-da, ahvol unchalik yomon ham emas.

Sovuq Urush tugaganidan beri jahonda yadro qurollarining umumiy soni keskin qisqardi. 70 ming donadan 20 minggacha. Bunda AQSh va Rossiya o'rtasida imzolangan Strategik qurollarni qisqartirishga qaratilgan bitimning hissasi katta.

Stokgolmdagi institutda qurollanish va yadro qurollarini tarqatmaslik masalalari bilan shug'ullanuvchi idora rahbari Shennon Kaylning aytishicha, masalaning salbiy tomoni ham bor.

Yadro qudratiga ega davlat deb rasman tan olingan mamlakatlar xavfsizlik va mudofaani vaj qilib, o'z yadro arsenalidan voz kechmoqchi emas.

"Ba'zilari yadro dasturini zamonaviylashtirishga kirishgan bo'lsa, boshqalari shunday rejasi borligini bildirgan. AQSh bu ishga bir necha o'n yildan so'ng qo'l urishi mumkin. Yadro qurollarining umumiy soni kamaygani bilan, ular hali-beri butunlay yo'qolmaydi", - deydi olim.

Shved instituti tayyorlagan hisobotda aytilishicha, jahon bo'ylab besh mingdan ziyod yadro quroli nishonni ko'zlab, shay turibdi.

Aksariyati AQSh va Rossiya hissasiga to'g'ri keladi. Shu yil yanvariga qadar olingan ma'lumotlarga ko'ra, Rossiyada 11 ming, AQShda esa 8500 ming dona yadro quroli bo'lsa, shulardan ikki minggi har bir mamlakatda jangovar holatda.

BMT Xavfsizlik Kengashiga doimiy a'zo besh mamlakat yadro qudratiga ega deb rasman tan olingan. Bular AQSh, Rossiya, Xitoy, Fransiya va Britaniya.

Hindiston, Pokiston, Isroil va Shimoliy Koreyada ham atom qurollari borligi aytiladi.

Shennon Kaylning aytishicha, Janubiy Osiyoda raqib ikki davlatning bunday qudratga egaligi xavotirga molik.

"Hindiston va Pokiston qurollanish poygasida o'zaro bellashib turadi. Har biri yadro qurolini yaratish uchun zarur materiallar ishlab chiqarishni keng yo'lga qo'yib, arsenalini oshirmoqda. Qurollarni harakatga keltiruvchi va tashuvchi moslamalar salohiyati va hajmini ham oshirish ustida ishlashmoqda. Jahonda yadro qurollari soni kamayayotgani bilan mintaqada buning teskarisi kuzatilmoqda. Tashvishlanarlisi ana shunda", - deydi mutaxassis.

Londondagi Xalqaro izlanishlar va diplomatiya markazi direktori Den Plesh ham shunday fikrda.

"Xudo ko'rsatmasin, Hindiston va Pokiston o'rtasida yadro urushi boshlangudek bo'lsa, bir milliarddan ortiq odam ochlikdan nobud bo'ladi. Chunki atom bombasi portlashidan keyin dalalarda hosil bo'lmaydi. Portlashdan keyingi lgan zarralar va chang esa quyoshni to'sib, global iqlim o'zgarishining teskarisi - global sovishga duch kelamiz. Yadro qurollarini tarqatmaslik masalasiga jahondagi hech kimsa befarq bo'lmasligi kerak, chunki bunday falokatdan barchamiz birday zarar ko'ramiz", - deydi Plesh.

Mutaxassisning aytishicha, AQSh va Rossiya dunyodagi eng yirik yadro arsenaliga ega bo'lgani sabab boshqalarni bu yo'ldan qaytarish ikki davlat uchun oson kechmayapti. Plesh muammo yechimi siyosiy irodada, deydi.

U Sovuq Urushdan keyin Yevropada joylashtirilgan o'n minglab oddiy qurollarning xalqaro bitimlar asosida chiqarilganiga, ba'zilarining esa yo'q qilinganiga ishora qiladi. BMTning Iroqqa nisbatan inspeksiyalari ham samara bergan, deydi u.

"Iroqda ommaviy qirg'in qurollarini nazorat qilish tizimi Yevropadagi xavfsizlik sistemasi bilan qorishtirilsa, barcha qurollar nazoratini 10 yil atrofida yo'lga solsa bo'ladi. Sovuq Urush davridan keyingi tajribadan foydalanish lozim", - deydi Plesh.

Dunyoda minglab yadro qurollari bo'lsa-da, insoniyat tarixida ular ikki bor jangda qo'llanilgan xolos. Ikkinchi jahon urushi so'nggida Qo'shma Shtatlar Yaponiyaning Xirosima va Nagasaki shaharlariga atom bombasi tashlab, 200 mingga yaqin odamning yostig'ini quritgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG