Breaking News

Kambag'allar qaysi o'lkalarda ko'p?


Hindistonda qashshoqlik - jiddiy muammo
Hindistonda qashshoqlik - jiddiy muammo
Dunyo kambag’allarining aksariyati, ya’ni 80 foizi yo’qsil mamlakatlarda emas, o’rtahol yurtlarda yashaydi. Oilalar turmushini yemirayotgan asosiy omillardan biri - global moliyaviy tanazzul. Yangi tadqiqot xulosalariga nazar tashlasak.

Xalqaro mezonlarga ko’ra, kambag’al deganda daromadi kuniga bir dollardan kam odam tushuniladi. Bundaylar dunyoda 2,5 milliard kishi. 2 milliardi o’rtahol, yana 500 millioni kambag’al davlatlarda yashaydi.

Sasseks Universiteti qoshidagi Taraqqiyot tadqiqotlari instituti (University of Sussex, Institute of Development Studies) shunday xulosaga keldi. Olim Endi Samner izlanish boshida turdi.

“So’nggi 10 yilda ko’p mamlakatlarda o’rtacha daromad ancha oshdi. Lekin bashoratlarga qaramay, kambag’allik ko’lami pasaymadi,” - deydi u.

BMTning maqsadlaridan biri – 2015-yilga borib qashshoqlik va ocharchilikka chek qo’yish. Bu yo’ldagi urinishlar samara bersa-da, so’nggi yillarda iqtisodiy inqiroz vaziyatni og’irlashtirdi. Kambag’allar soni ko’paydi.

Iqtisodiyoti yiliga besh-olti foiz o’sayotgan o’lkalarda ham kuniga bir dollarga yashayotganlar safi siyrak tortmayapti, deydi Samner:

“Muhtojlarni qishloq joylarda, poytaxtdan uzoqda yoki katta shaharlarda birday uchratish mumkin. Ta’qibga uchraydigan ijtimoiy guruhlar orasida ham. Mamlakat bo’ylab qatnovga qandaydir cheklov joriy etilgan bo’lsa, bir joydan boshqasiga borib ishlash qimmatga tushsa, bu ham fuqaroga qiyinchilik tug’diradi”.

Suhbatdosh so’zlariga ko’ra, kambag’allarning yarmi Hindiston va Xitoy ahli; to’rtdan bir qismi aholisi ko’p o’rtahol mamlakatlarda yashaydi, masalan, Nigeriya, Pokiston va Indoneziyada. Qolgani – aholi daromadi past bo’lgan yurtlarda.

“So’nggi 20 yilda global miqyosda kambag’allar ulushi kamaygan. Lekin sayyora ahli ko’payishda davom etar ekan, yo’qsillik hamon muammo”, - deydi Samner.

Xo’sh, 2020 yoki 2030-yilga borib vaziyat qanday bo’ladi? Qashshoqlarning aksariyati o’rtahol mamlakatlarda qolaveradi, deydi Samner. Boy-kambag’al o’rtasida tafovut ortsa, yo’qsillar yanada ko’payishi aniq.

Qashshoqlikka qarshi kurash uchun, deydi u, yiliga 60-80 milliard dollar kerak. Bu esa jahon yalpi ichki mahsulotining 0,3 foizi degani. Muammoga qarshi yangi uslublar qo’llash vaqti keldi, deydi mutaxassis.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG