Ozodlik uyi: Dunyo bo'ylab so'z erkinligi hozir eng yomon ahvolda

  • Amerika Ovozi

Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi “Ozodlik uyi” (Freedom House) tashkiloti 3-may Jahon matbuot ozodligi kuni munosabati bilan chop etgan yangi hisobotda aytilishicha, dunyo bo’ylab muxbirlar hamon bosimga uchramoqda, qamalmoqda va hatto o’ldirilmoqda.

Dunyoda so’z va matbuot erkinligiga doir yillik hisobotga ko’ra, so’nggi 12 yilda bu boradagi ahvol eng quyi nuqtaga tushgan va bunga asosan siyosiy, jinoiy va terrorchi kuchlar sabab.

“Ozodlik uyi” so’nggi bir yilda matbuot erkinligi eng yomonlashgan to’qqiz davlatdan biri sifatida Misrni tilga oladi. Misrlik jurnalist Xolid Dovudning aytishicha, Prezident Abdul Fattoh Sissiy hukumati matbuotdan tashviqot quroli sifatida foydalanishni afzal ko’radi.

AQSh davlat kotibining demokratiya, inson huquqlari va mehnat masalalari bo’yicha yordamchisi Tom Malinovksiyga ko’ra, 2015-yilda dunyo bo’ylab 70 dan ziyod muxbir o’ldirilgan, salkam 200 nafari qamoqda.

"Matbuot erkinligi qayerda oqsasa, o’sha yerda mojaro yoki urush bo’lishiga, korrupsiya kuchayishiga, davlat boshqaruvi zaiflashishiga guvohmiz”, - deydi rasmiy.

Shu munosabat bilan AQSh hukumati davlatlarni yana bir bor qamoqdagi muxbirlarni ozod etishga chaqirdi. Jumladan, O’zbekiston qamog’ida 1999-yildan beri saqlanayotgan jurnalist Muhammad Bekjonni.

2012-yilda ozod etilishi kutilgan Bekjon qamoqxona tartibini buzganlikda ayblanib, yana besh yilga qamaldi.

Jahon matbuot ozodligi kuni munosabati bilan Vashingtonda joylashgan Jurnalistlar xalqaro markazi ham so'z erkinligi darajasi tushib borayotgani haqida bayonot chiqardi. Tashkilot, ayni paytda, dunyo bo'ylab jurnalistik tekshiruv ishlarini ko'paytirish lozimligiga urg'u bergan.

Bu yil Panama qog'ozlari nomini olgan hujjatlarning ommaga oshkor qilinib, ancha shov-shuvlarga sabab bo'lishida ham jurnalistlarning hissasi katta bo'ldi. Bu hujjatlarda dunyoning eng boy odamlari mablag'lari qayerlarda saqlangani haqida maxfiy ma'lumotlar o'rin olgan. Hujjatlar va ularning tahlilini ommaga yetkazish ishlari hanuz davom etmoqda.

Jurnalistlar xalqaro markazi ma'lumotiga ko'ra, Panama qog'ozlarini tahlil qilib xalqqa yetkazish ustida 400 dan ortiq jurnalist ishlamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG