Senator Ben Kardin: Jurnalistlarga qarshi zulmni bas qiling

  • Amerika Ovozi

Ben Kardin “Amerika Ovozi” O’zbek xizmati muxbiri, Qirg’iziston janubida o’ldirib ketilgan Alisher Soipov ishini alohida tilga oldi.

Ben Kardin “Amerika Ovozi” O’zbek xizmati muxbiri, Qirg’iziston janubida o’ldirib ketilgan Alisher Soipov ishini alohida tilga oldi.

Jahon Matbuot erkinligi kunida AQSh Xelsinki Komissiyasi raisi, senator Ben Kardin jurnalistlarga qarshi zulmni bas qilishga chaqirayapti. U Yevropada Xafvsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga a’zo 57 davlatda jurnalistlarning o’limiga e’tibor qaratdi.

“Mustaqil va erkin matbuoti tashkilotning tayanch ustunlaridan biri. Holbuki, ommaviy axborot vositalari xodimlari kamsitish, tahdidlar bilan yuzlashishda davom etayapti, jinoyatchilar esa jazosiz qolayapti. Ayniqsa, korrupsiya va inson huquqlari bilan bog’liq og’ir jinoyatlarni fosh qilayotgan jurnalistlarga qiyin”, - deydi Kardin.

“1999-yilning aprelida serbiyalik taniqli jurnalist va muharrir Slavko Kuruvija o’ldirib ketilgan edi. Oradan 14 yil o’tdi. Jurnalist Xelsinki Komissiyasida Miloshevich rejimi haqida guvohlik ko’rsatmasi berib, bir necha oy o’tar-o’tmas o’ldirib ketilgan”, - deydi senator.

“Ukrainada ekologik xavfsizlik haqida yozib tanilgan Vladimir Goncharenko o’limini puxta tergov qilishga chaqiramiz. U 2012-yilning iyulida kaltaklab o’ldirilgan, jinoyatchilar hali topilmagan. Rossiya jurnalistlar uchun eng xatarli manzillardan bo’lib qolayapti. Jurnalist Mixail Beketov 2008-yilda qattiq do’pposlanish natijasida olgan jarohatidan shu yilning aprelida jon bergan”, - deydi u.

Ben Kardin “Amerika Ovozi” O’zbek xizmati muxbiri, Qirg’iziston janubida o’ldirib ketilgan Alisher Soipov ishini alohida tilga oldi. O’tgan yili Qirg’iziston Oliy sudi bu ishni qayta ko’rib chiqishga ko’rsatma bergan edi.

Bugun, shuningdek, Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti matbuot erkinligi bo’yicha yillik hisobot e’lon qilgan. Uning eng quyi uch satrida diktatura hukmron Turkmaniston, Shimoliy Koreya va Eritreyani ko’rish mumkin. 179 davlatni o’z ichiga olgan ro’yxatda Qirg’iziston 106, Tojikiston, 123, Qozog’iston 160, O’zbekiston 164-o’rinda.

Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti ta’rifiga ko’ra, O’zbekiston prezidenti Islom Karimov erkin matbuotning kushandasi. Ommaviy axborot vositalarini bo’shanglikda tanqid qiluvchi Karimov amalda hukumatga kelganidan beri o’z tanqidchilarining sasini o’chirish uchun hech narsadan qaytmagan, deyiladi tashkilot bayonotida. Hozirning o’zida 10 jurnalist hibsda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG