AQSh rasmiylari mamlakat oldidagi eng katta tahdidlarni tilga oldi

  • Amerika Ovozi

AQSh razvedka idoralarining ogohlantirishicha, AQSh saylov tizimiga aralashishga uringan Rossiya bu kabi harakatlarini yaqin orada to’xtatmaydi. Moskva bundan buyon yanada agressiv va kutilmagan choralarga qo’l urishi mumkin, deydi rasmiylar.

AQSh va Rossiya yetakchi rasmiylarining uchrashuvi ortidan aloqalar iliqlashsa kerak, degan qarashlar uzoqqa bormadi. Razvedka bo’yicha rasmiylar ogohlikka chaqirmoqda.

“Rossiyaliklar ijtimoiy tarmoq va boshqa imkoniyatlar orqali biz ilgari guvoh bo’lmagan ko’lamda faoliyatini kuchaytirmoqda. Bu demokratiyamiz uchun katta tahdid”, - dedi Milliy razvedka direktori Den Kots.

Federal Qidiruv Byurosining vaqtinchalik rahbari Rossiyaning AQSh sayloviga aralashgani yuzasidan olib borilayotgan tergov Oq uy aytganidek kichik masala emas, balki jiddiy muammo ekanini ta’kidladi.

“Boshqa ishlaringiz oldida bu kichik tergovmi?” - deb so’radi senator Angus King.

“Biz buni juda muhim tekshiruv deb hisoblaymiz”, - dedi FBR rahbari.

Avvalroq boshqa rasmiylar, xususan, Mudofaa vaziri Jim Mattis ham shunday ogohlantirish bilan chiqqan edi. Mattis Rossiyani AQSh va global barqarorlik uchun eng katta tahdid deb aytgan.

Ammo Prezident Tramp ma’muriyati bunday fikrda emas. Ular Shimoliy Koreyani eng katta xavf manbai sifatida ko’rmoqda.

“Kim Chen Un bilan bog’liq xatar kamaydi, demagan bo’lardim”, - deydi razvedka rahbari Mayk Pompeo.

Shimoliy Koreya AQShga yadro quroli bilan hujum qilish imkoniyatiga qanchalik yaqin? Rasmiylar bu haqda ma’lumot bermadi, ammo har bir yangi sinov shu imkoniyatga yaqinlashtirayotganini aytdi.

“Ular shu yo’ldan borishyapti”, - dedi harbiy razvedka rahbari general-leytenant Vinsent Styuart.

Yirik tahdidlar orasida “Islomiy davlat” ham bor. Rasmiylarga ko’ra, jangari guruh hanuz Iroq va Suriyada kuchli va xorijda ham hujumlarni amalga oshirish qudratiga ega.

Eron ham xavotirlarga sabab bo’lmoqda. So’nggi paytlarda Tehron Suriyada va boshqa hududlarda ta’sir kuchini oshirmoqda. Rasmiylarga ko’ra, mintaqa bo’ylab Eron bosharuvi ostida 10 mingdan ortiq jangari bor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Fikringiz

XS
SM
MD
LG