Urush dahshati... Suriyalik qochqinlar bilan suhbat

  • Amerika Ovozi

Harbiylar namoyishchi va isyonchilarni qidirib avvalo shu joylarga boradi.

Harbiylar namoyishchi va isyonchilarni qidirib avvalo shu joylarga boradi.

Suriyadagi qonli olishuvlarda jarohat olgan odamlar kasalxonalarga yaqinlashmay qo’ygan, chunki harbiylar namoyishchi va isyonchilarni qidirib avvalo shu joylarga boradi.

Xatarli bo’lsa-da, ko’pchilik davolanish uchun qo’shni Livanga o’tishga harakat qiladi.




Hasna ismli ayol eri va ikki farzandi bilan Suriyaning Hims shahrida yashar edi. Armiya shaharni bombardimon qilavergach, to’rt oy ilgari oila uyini vaqtincha tashlab ketishga majbur bo’ldi.

Ahvol biroz tinchigach, uyiga qaytayotganda fojia yuz berdi. Ular ketayotgan mototsikl nishonga olindi.

“Qizim qo’limda edi, portlash kuchi uni bir necha metr nariga uloqtirib tashladi”, - deydi ayol.

“O’sha dashshatli kun, raketa tovushi, yurak vahimada tez-tez urishi hamon yodimda. Yotgan joyimda iltijo qila boshladim”, - deydi u.

Hasnaning farzandlari xurujda halok bo’ldi. Bir necha kun o’tib, eri ham hayotdan ko’z yumdi. O’zi ikki oyog’idan ayrildi.

“Oyoqlarimni kesib tashlashlarini bilgandim”, - deydi Hasna.

Hims shahridan Livanga ikki soatlik yo’l. Isyonchilar yordamida u 12 soat yo’l yurib, ba’zida mashinalarda, ba’zida nosilkada, zo’rg’a chegaradan o’tib oldi. Livanda ayolni Qizil Xoch qo’mitasi kasalxonaga yetkazdi.

“Amerika Ovozi” bilan suhbatlashgan mana bu shaxs ism-sharifi oshkor etilmasligini so’radi. Suriya armiyasida ofitser bo’lgan, so’ng muxolifat tomoniga o’tib jang qilgan. Mamlakatdagi xunrezlikda u prezident Bashar al-Assadni ayblaydi.

“Assad oliy qo’mondon ekan, armiya uning buyrug’isiz miq etmaydi. Hammasiga prezident va uning atrofidagilari aybdor”, - deydi sobiq ofitser.

Jarohatlari tuzalgach u yana jang maydoniga qaytmoqchi.

Bemorlardan yana biri Husni. Olti oy ilgari Himsda yaralangan. Oyoqqa turib olgach, Suriya ozodligi uchun kurashni davom ettiraman, deydi.

“Tezroq tuzalsam, do’stlarim safiga qaytishim kerak. Ulardan xat-xabar kelib turibdi. Kayfiyatim yaxshi, butun mamlakat yaqin orada g’alabani nishonlashiga ishonaman”, - deydi yigit.

Harbiylar tomonidan hibsga olinib, qiynoqqa solinganlar orasida shifokorlar ham bor. Ismini oshkor etishni istamagan mana bu vrachni kaltaklab, qariyb bir yil qamoqda saqlashgan.

“Oddiy fuqaroman, oilam bor, Suriyada o’z klinikam bor, meni yaxshi tanishadi. Universitetda dars beraman. Hech sababsiz birdan meni jinoyatchiga chiqarishdi. Qo’shnilarimga yordam berganim uchun”, - deydi shifokor.

Beva qolgan Hasna va Livanda davolanayotgan boshqa suriyaliklarning ruhi baland. Hasna o’zini she’riyatga bag’ishlab, vatandoshlarini g’alaba va erkinlikka undamoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG