Shinjonda politsiyaga hujumda 18 odam o'lgan

  • Amerika Ovozi

Shinjon-uyg'ur muxtoriyati

Shinjon-uyg'ur muxtoriyati

Shinjon-uyg'ur muxtoriyatida bir necha uyg'ur pichoq va granata ko'tarib politsiyaga hujum qilgan. Qashqar shahridagi bu voqeada kamida 18 odam o'lgan.

Aytish joiz, ro'za oyida ro'y bergan hodisa rasmiylarni xavotirga solgan. Shahar ahliga ta'sir qilmay qolmaydi bu, deydi ular.

Ba'zi manbalarga ko'ra, Taxtako'ruk tumanidagi to'qnashuvda o'lganlar 28 odam, xususan, ko'chada o'tib ketayotgan oddiy fuqarolar.

"Erkin Osiyo" radiosining xabar berishicha, dushanba kuni politsiya tekshiruv punkti yonidan bir mashina to'xtamay tez o'tib ketgan. Shunda politsiyachilardan biri mashinaning ketidan chopgan. Avtomobil esa orqaga tisarilib, polisiyachini urib, oyog'ini sindirgan.

Ortidan mashinadan ikki kishi chopib chiqib, pichoq o'qtalib boshqa ikki politsiyachini o'ldirgan.

Qurollangan ichki xavfsizlik xodimlari yordamga yetib kelgunicha, o'sha yerda portlash ro'y bergan, bir necha politsiyachi nobud bo'lgan. Xavfsizlik xodimlari javob hujumini amalga oshirib, 15 kishini o'ldirgan.

Iste'fodagi hukumat ishchisining matbuotga aytishicha, politsiya yo vahimaga tushgan, yo hukumatning keskin siyosatini qalqon qilib, qaramay-netmay atrofga o't ochgan. Natijada hujumga aloqasi yo'qlar ham o'lgan.

Xitoy rasmiylari Shinjonda bo'lginchilik, diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi keskin amaliyot yuritib keladi. Bu oxirgi yillarda yuzlab fuqarolarni hayotdan olib ketgan elatlararo olishuvlarga javob chora, deya sharhlanadi.

Ramazonda cheklovlar

Iste'fodagi hukumat ishchisining "Erkin Osiyo" radiosiga aytishicha, ro'zada musulmonlar ustidan nazorat kuchaygani ham uyg'ur aholining sabr-kosasini to'ldirgan bo'lishi mumkin.

Mintaqada, masalan, uyg'ur mutasaddilari, rasmiylar va muallimlar ro'za tutishi man qilingan. Hukumat qaroriga ko'ra, 18 yoshga to'lmagan bolalar ham bu amaldan tiyilishi kerak.

O'tgan yilning oktabrida rasmiylar 18 yoshdan kichik bolalarga diniy tadbirlarda qatnashishni taqiqlagan. Qur'onni yod olgan yoki ro'zador oilalarga jarima solgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG