Shinjondagi so'nggi zo'ravonlikda 21 odam o'lgan

  • Amerika Ovozi

Xitoy rasmiylarining xabar berishicha, Shinjon-uyg’ur avtonom viloyatidagi qonli voqealarda 21 kishi halok bo’lgan. Voqea ijtimoiy yordam xodimlari hududda tekshiruv olib borayotgan paytda ro’y bergan.


Rasmiylarning aytishicha, Qashqar g’arbida ijtimoiy yordam xodimlari uylarni tekshirib yurganda pichoqlar bilan qurollangan bir guruh shubhali shaxslarga ro’para kelgan.

Shinjondagi rasmiylardan biri “Amerika ovozi” bilan suhbatda bu ma’lumotni tasdiqladi.

“Ijtimoiy yordam xodimlari bu haqda politsiyaga xabar berishmoqchi bo’lganda, jinoyatchilar ularni garovga olgan. Hududga yetib kelgan politsiya bilan bo’lib o’tgan to’qnashuvda, bir politsiyachi va garovdagi bir necha ishchi o’ldirilgan”, - deydi mulozim.

O’z nomini aytishni istamagan hukumat vakilining ma’lum qilishicha, politsiya yetib kelgach, jinoyatchilar uyga o’t qo’ygan. Natijada bir politsiyachi va garovdagi 15 kishi halok bo’lgan. Bosqinchilarning 6 nafari otib o’ldirildi, qolgan sakkiztasi qo’lga olindi, deydi rasmiy.

Davlat matbuotining xabar berishicha, jinoyatchilar Shinjonda terror xurujini amalga oshirish payida bo’lgan. Bu kabi zo’ravonliklarda odatda mahalliy uyg’urlar hukumat tomonidan terrorchilikda ayblanadi.

Shinjon viloyati so’nggi yillarda ko’plab qonli to’qnashuvlar guvohi bo’ldi. Tub aholining aksariyatini tashkil etuvchi uyg’ur musulmonlar hamda soni tez o’sib borayotgan “Xan” xitoylari, shuningdek, hukumat kuchlari o’rtasida ziddiyat yuqori.

Viloyat markazi Urumchi shahrida 2009-yil bo’lib o’tgan bir qator norozilik namoyishlarida 200 dan ortiq odam halok bo’lgan. Hukumatning mahalliy aholiga nisbatan zo’ravon siyosati noroziliklarning asosiy sababi ekani aytiladi.

Rasmiylar esa radikal islomiy kuchlar va terrorchilarga qarshi keskin choralar ko’rishga majbur ekanini ta’kidlaydi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Xua Chunying bu haqda shunday deydi:

“Umuman olganda, Shinjonda vaziyat hozir yaxshi. Ammo oz sonli terrorchi guruhlar viloyatning barqarorligi va taraqqiyotini izdan chiqarish uchun bor kuchlari bilan harakat qilmoqda. Ularning bu ishlari xalq xohishiga ziddir va muvaffaqiyatsiz tugashi aniq”.

Xavfsizlik kuchlari sonini ko’paytirish bilan birga, hukumat Shinjonga moliyaviy yordam miqdorini ham oshirmoqda. Pekin shu tariqa qashshoqlikni ham yengmoqchi.

Ammo uyg’ur faollar nazarida “xitoylashtirish” avjida. Mintaqaga boshqa viloyatlardan xitoylar ko’chirib kelinmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG