Ukraina muvaqqat bosh vaziri prezident Obama huzurida

  • Amerika Ovozi

Arseniy Yatsenyuk, Ukraina muvaqqat bosh vaziri

Arseniy Yatsenyuk, Ukraina muvaqqat bosh vaziri

AQSh prezidenti Barak Obama 12-mart kuni Oq uyda Ukraina muvaqqat bosh vaziri Arseniy Yatsenyuk bilan uchrashib, bu mamlakatning Rossiya bilan ziddiyati xususida fikr almashdi. Obama Yatsenyukni qabul qilib, AQShning Ukrainadagi yangi hukumatga xayrixoh ekanini bildirdi.

Tomonlar Ukrainaga moliyaviy yordam ajratish xususida ham gaplashib oldi. Qo’shma Shtatlar bir milliard dollar berishni va’da qildi.

Yatsenyuk Kongressda bo'lib, respublikachi va demokrat qonunchilar tomonidan juda iliq kutib olingan. Vakillar Palatasi va Senatdagi liderlar uni quvvatlashini aytib, Kreml qadamlarini qoralagan.

Qrimda esa Rossiyaga qo’shilish yoki mustaqil hudud bo’lish haqidagi referendumga tayyorgarlik qizg’in.

Yevropa Komissiyasi prezidenti Joze Manuel Barrozoning aytishicha, Katta Yettilikka a’zo rivojlangan davlatlar Rossiyani Qrimni o’ziga qo’shib olish niyatidan qaytishga chaqiradi. Guruhga Britaniya, AQSh, Kanada, Yaponiya, Fransiya, Germaniya va Italiya kiradi.

Kecha AQSh Vakillar palatasida 403 qonunchi Rossiyani Ukraina hududiy daxlsizligini buzayotganlikda qoralovchi qarorni ma’qulladi. Hujjat xalqaro kuzatuvchilarni mintaqaga yuborishga chaqiradi.

AQSh davlat kotibi Jon Kerrining Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan telefonda aytishicha, Rossiya harbiy kuch bilan Ukrainada o’z nazoratini o’rnatishi noto’g’ri. AQSh Rossiyaning Qrimdagi manfaatlarini tan oladi, biroq buning uchun mintaqaga qo’shin kiritish kerak degani emas, dedi Kerri.

Moskva Qrimdagi harbiylar unga qarashli ekanini inkor etib keladi.

Kecha Qrim parlamenti mustaqillik deklaratsiyasini qabul qildi va Rossiya uni tan oldi. Ukraina muvaqqat hukumati nazarida esa referendum noqonuniy.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG