2014-yil AQSh-Xitoy aloqalari uchun qanday kechdi?

  • Amerika Ovozi

AQSh Xitoy bilan savdo aloqalarini rivojlantirib borar ekan, ayni paytda Janubiy Xitoy dengizidagi da'volarni tinch yo'l bilan hal etishga qaratilgan umumiy qoidalar ishlab chiqishga chaqirmoqda.

Gonkongda ikki oydan ortiq davom etgan namoyishlar ketidan Vashington Pekinni muxolif guruhlar bilan muzokara o'tkazishga chaqirmoqda. Xitoy esa bu masalada tashqi aralashuvlarga yo'l qo'ymasligini ta'kidlab, Obama ma'muriyatiga muloqot uchun imkon bermayapti, deydi "Human Rights Watch"ning Xitoy bo'limi rahbari Sofi Richardson.

"AQShning Gonkong va Xitoydagi inson huquqlari va demokratiya bo'yicha siyosatiga aniqlik yetishmayapti. Boshqa davlatlarga qaraganda ancha sust. Pekin bilan munosabatlarda qat'iyat ko'rsatish juda muhim", - deydi u.

Janubiy Xitoy dengizida Vyetnam kemalari Xitoy harbiy floti hujumiga uchradi. AQShning mintaqa davlatlarini murosaga chaqirish bo'yicha olib borayotgan urinishlariga Xitoy qarshi. Amerika tadbirkorlik instituti tahlilchisi Maykl Oslinga ko'ra, Pekin hududiy da'voga ega har bir davlat bilan alohida muzokara qilish tarafdori.

"Hech tugamaydigan muloqotlarni davom ettirish yo'li bu. Shimoliy Koreya yoki Eron kabi aniq bir qonun-qoidalarga amal qilmaydigan davlatlar aniq maqsadga yetaklamaydigan ana shunday mantiqsiz muzokaralarni cho'zishdan manfaatdor. Agar Xitoy xohlaganda, allaqachon biror yechimni taklif etgan bo'lardi", - deydi tahlilchi.

AQSh senatori Sherrod Braunning aytishicha, AQSh dunyoning eng katta iste'molchisi sifatidagi mavqeidan foydalanib Xitoyga ta'sir o'tkazishi kerak.

"Ular bozorimizdan, texnologiyalarimiz va universitetlarimizdan foydalanishni istaydi. Xitoyda haqiqiy o'zgarish qilishni istasak, AQSh hukumati va iste'molchilarning kuchidan foydalanishimiz kerak", - deydi u.

Ammo Vashingtonning Xitoy bilan hamkorlik qilish ishtiyoqi susayib borayotgandek, deydi Braun.

"Iqtisodiyotimizning ahvoli va siyosiy tarqoqlik bois Xitoy hozir Yaqin Sharqdagidek e'tiborimizni tortmayapti", - deydi senator.

Kato instituti tahlilchisi Jastin Logan Osiyodagi masalalar Yaqin Sharq oldida ikkinchi darajaga tushib qolganini aytadi.

"Sharqiy Osiyodagi hamkorlarimiz bu masalalarning muhimligini targ'ib qilishga zo'r berishi kerak. Ular, noma'lum sabablarga ko'ra, Fors ko'rfazi davlatlari yoki Isroil kabi o'zlarini muhim hamkor sifatida ko'rsata olgani yo'q. Amerika strategiyasi uchun bu mintaqa muhim ekanini ekspertlar bot-bot ta'kidlab keladi", - deydi u.

AQSh va Xitoy rahbarlari Barak Obama va Si Zinpin shu yil issiqxona gazlari miqdorini kamaytirishga kelishib oldi. Uchrashuvda Obama Pekinni barcha masalalarda, xususan, savdoda ham, dengizda ham, boshqa mamlakatlar kabi bir xil qoidalarga rioya qilishga chaqirdi. Uning ta'kidlashicha, Osiyoning barqarorligi kuch ishlatish yoki ta'sir o'tkazish asosiga emas, balki o'zaro xavfsizlik ittifoqlari yordamida qurilishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG