Breaking News

2011-yil xulosalari: Isroil-Falastin mojarosi hal etilmadi


2011-yil xulosalari: Isroil-Falastin mojarosi hal etilmadi
2011-yil xulosalari: Isroil-Falastin mojarosi hal etilmadi

2011-yil Isroil-Falastin tinchlik muzokaralarida turg’un yil bo’ldi. Xalqaro vositachilar qanchalik harakat qilmasin, jarayon oldinga siljimayapti.

Shuningdek, arab dunyosida ro’y bergan g’alayonlar ham jahon ommasi e’tiborini boshqa mavzularga burib yubordi.

Isroil bilan muzokaralardan xafsalasi pir Falastin ma’muriyati shu yili a’zolik so’rab Birlashgan Millatlar Tashkilotiga murojaat qildi. Natija hozirdan ma’lum - AQSh unga veto qo’yadi. Ammo YUNESKO - BMTning ilm-fan, ta’lim va madaniyat bo’yicha agentligi Falastinni o’z safiga qabul qildi.

Isroil, bu orada, 1967-yilda bosib olgan yerlarida qurilishni kengaytirmoqda.

Yaqin Sharq to’rtligi nomini olgan xalqaro vositachilarning talabi bitta – Isroil va falastinliklar yuzma-yuz muzokaraga qaytsin.

2011-yilda Falastin rahbari Mahmud Abbosning Fatx partiyasi G’azo sektorida hukmron raqibi - Xamas guruhi bilan til topishishga harakat qildi.

Isroilning ogohlantirishicha, Xamas bilan koalitsion hukumat tuziladigan bo’lsa, mintaqada tinchlik bo’lmaydi.

Ammo yahudiy davlati Xamas bilan kelishib, mingdan ziyod falastinlik mahbusni ozod etdi. Evaziga besh yil tutqinlikda saqlangan askari uyga qaytdi.

Ga’zolik tahlilchi Mahmud Ajrami fikricha, bir zobitni minglab odamga ayirboshlagani - Xamasning g’alabasi. Uning obro’siga obro’ qo’shildi.

“Bu shundan dalolatki, Falastin ahli faqatgina o’z haqqini talab qilish orqali bir narsaga erisha oladi”, - deydi u.

“Arab bahori” natijasida qo’shni davlatlarda islomiy partiyalar maydonga chiqayotgani Isroilni tashvishga soladi. Mavjud tinchlik bitimlari chilparchin bo’lib, mintaqa yana beqarorlikka yuz tutadi degan xavotir mavjud.

Jurnalist Denni Rubenshteyn deydiki, Tunis va Misrda g’alabani qo’lga kiritgan diniy guruhlarning haqiqatdan ham omma orasida shuhrati baland.

“Ulardan qo’rqish emas, muloqot qilish kerak. Tolibon va al-Qoidadan yiroq bu partiyalar. Turkiyadagi islomiy harakatga qiyoslagan bo’lardim”.

Falastinlik siyosatshunos Mahdi Abdul Hadining aytishicha, diniy-siyosiy guruhlar bugun demokratik jamiyat hayotida faolroq bo’lishni istaydi. Shu bilan birga, Falastin davlatchiligi uchun kurash ham davom etadi.

“Adolat qaror topishi, Birlashgan Millatlar Tashkilotida Falastin bayrog’i baland ko’tarilishi kerak. Bu azaliy orzu”, - deydi Abdul Hadi.

Uzoq yillik hukmdorlarga qarshi isyonlar Yaqin Sharqni qanchalik va qay tomon o’zgartirishi borasida fikrlar turlicha. Ammo tahlichilar Isroil-Falastin mojarosi tez fursatda hal etilishi zarur deydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG