Yil sarhisobi: Rossiya nega G'arb bilan ziddiyatga kirishmoqda?

  • Amerika Ovozi

Suriya kelajagini belgilashda Rossiya bilan hamkorlik kengayayotganiga qaramay, Kremlning xalqaro maydonda agressiv siyosat yuritayotgani G'arbning xavotirlarini oshirmoqda. Joriy yil G'arb va Rossiya o'rtasida ixtiloflarga boy bo'ldi.

Prezident Vladimir Putin xalqaro maydonda o'zini kuchli va qat'iyatli shaxs sifatida ko'rsatishga urinadi. Suriya mojarosi Rossiya qudratini ko'z-ko'z qilish uchun yana bir imkoniyat bo'ldi.

"Bizda harbiy kuch-qudrat yetarli. Kerak bo'lsa, biz ularni ishlatamiz", - deydi Rossiya rahbari.

Putin, ko'pincha, "biz" va "Rossiya" deb gapirsa-da, G'arb nazarida, ko'p narsa Putinning shaxsiga bog'liq.

"Bugungi Rossiya bu Putun. U Rossiyaning global sahnada ta'siri kamayganini adolatsizlik, deb hisoblaydi", - deydi razvedka bo'yicha tahlilchi Robert Kardilo.

Putinning global yurishi endi boshlanyapti, deya hadik bildirayotganlar ham bor.

"Putin Sharqiy Yevropa, Boltiq davlatlari ustidan Rossiya nazoratini o'rnatish uchun har narsa qilishi mumkin. Hatto yo'lini topsa, G'arbiy Yevropaga ham bosim o'tkazadi", - deydi Markaziy Razvedka Boshqarmasi sobiq direktori Jeyms Vulsi.

Putinning agressiv siyosati mamlakat harbiy sanoatini ham kuchaytirishi mumkin. Afg'oniston va Iroq Rossiya qurollariga ko'z tikmoqda.

Ammo Suriya kabi o'lkalarda kutilmagan xavflar ham mavjud.

"Agar Putin muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, mamlakatda obro'siga putur yetadi. Hozir unga nisbatan ishonch kuchli yetakchi degan qarashga asoslangan", - deydi AQShning Ukrainadagi sobiq elchisi Jon Xerbst.

Sobiq va hozirgi rasmiylarning ogohlantirishicha, Rossiya keltiradigan zararni bartaraf etish oson bo'lmaydi.

"Ular Eron, Hizbulloh va Suriya bilan ittifoqqa kiryapti. Natijada bu davlatlar va terror tashkiloti yanada kuchayadi va ko'proq tahdid soladi", - deydi Urush tadqiqotlari instituti tahlilchisi Kristofer Harmer.

Vladimir Putin esa o'z bilganidan qolmayapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG