Yil sarhisobi: Ukrainada tinchlikdan umid bormi?

  • Amerika Ovozi

Donetsk yaqinidagi Ukraina askarlariga qarashli nazorat posti, 23-avgust, 2015-yil.

Donetsk yaqinidagi Ukraina askarlariga qarashli nazorat posti, 23-avgust, 2015-yil.

Rossiya Ukrainadagi isyonchilarni qo'llab-quvvatlashni boshlaganiga ikki yil bo'lyapti, ammo mintaqada ixtilof hali-veri tugaydiganga o'xshamaydi. Kreml va Kiyev to'qnashuvlarga chek qo'yish uchun fevral oyida II Minsk kelishuvini imzoladi. Bu orada AQSh Ukraina suverenitetini himoya qilish uchun Kiyevga 265 million dollar miqdorida yordam berdi. Shuncha sa'y-harakatlarga qaramay, tinchlik kelishuvining kelajagi xavf ostida.

O'rtada sulh bo'lishiga qaramay davom etayotgan otishmalarda deyarli har kuni bir ukrainalik halok bo'lmoqda. Yevropadagi AQSh kuchlari rahbari general Ben Xodjes aybni Rossiyaga yuklaydi.

"Sentabr boshidan beri bunday hollar ko'paydi. Har ikki tomondan, ayniqsa, Rossiya tomonidan bir necha yuz marta sulh shartlari buzildi. Ular Qrimni tark etish niyatida emas. Rossiya rasmiylari masala hal bo'lgan, deb aytmoqda. Ular Qrimdan ketmoqchi emas", - deydi general.

Ukraina g'arbidagi Yavorov shahrida yuzlab AQSh kuchlari mahalliy askarlarni jangga tayyorlamoqda.

"AQSh bera oladigan eng yaxshi narsa bu askar. Tashabbus, ijodkorlik, tajriba, bilim va o'zaro fikr almashishni o'rgatamiz", - deydi Ukrainadagi AQSh tayyorlov dasturi rahbari Nik Duchich.

Askarlar jang maydonida tibbiy yordam ko'rsatishdan tortib qurol otishgacha o'rganmoqda.

Kundan kunga mahoratimiz oshyapti", - deydi mahalliy askarlardan biri.

AQSh yordami va trening dasturlari Ukraina armiyasi salohiyatini kuchaytirayotgan bo'lsa-da, hali ular Rossiya himoyasidagi isyonchilarni yengish uchun tayyor emas.

Ammo maqsad harbiy emas, balki diplomatik g'alabaga erishishdir, deydi tahlilchilar.

"Biz Ukraina harbiylariga bosqinning Rossiya va isyonchilar uchun juda qimmatga tushishini ko'rsatib qo'yishni o'rgatyapmiz. Natijada harbiy choralarni yig'ishtirib, tinch muzokara yo'li bilan kelishuvga erishishni istashsa, ajab emas", - deydi Brukings instituti tahlilchisi Stiven Payfer.

General Xodjesga ko'ra, ukrainaliklarga qurol-yarog' berish muammoni battar yomonlashtiradi.

"Bu vaziyatni strategik jihatdan yaxshilashga xizmat qilmaydi. Chunki Rossiya isyonchilarga ikki baravar ko'proq qurol berishga tushadi. Bu esa ko'proq zo'ravonlik, ko'proq o'lim va vayronagarchilik demakdir", - deydi AQSh harbiysi.

Ixtilofning davom etishida AQSh va Rossiya bir-birini ayblamoqda. Adog'i ko'rinmayotgan bu mojaroda esa Ukraina mustaqillik uchun kurashayotganini aytadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG