Yamanning Adan shahri isyonchilardan tortib olindi

  • Amerika Ovozi

Saudiya Arabistoni boshchiligidagi qo'shinlar Yamanning Adan shahrini qo'lga kiritgan. Yamanning quvg'indagi hukumatiga sodiq kuchlar shu hafta hutiy isyonchilarga qarshi katta operatsiya boshlagan edi.

Hayit ayyomida viloyat ozod etilgani haqida Yaman Vitse-prezidenti Xolid Baha "Facebook" orqali e'lon qilgan.

Eron quvvatlovidagi hutiylar Adanni shu yilning mart oyida bosib olganidan so'ng Prezident Abdu Rabbo Mansur Hadi Saudiya Arabistoniga qochgan edi.

Arab davlatlaridan tashkil topgan koalitsiya uch oy davomida isyonchilarni havodan nishonga olishi natijasida Yamanda gumanitar inqiroz yuzaga kelgan. 20 million odam, ya'ni mamlakat aholisining 80 foizi, yordamga muhtoj.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti urushni muzokara orqali tugatishga bir necha bor harakat qildi, ammo natija bo'lmadi. Ramazon oyida e'lon qilingan sulhga ham tomonlar amal qilmayapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG