Arab Ligasi rahbari: Hutiylar taslim bo'lmaguncha, bombardimon qilamiz

  • Amerika Ovozi

Saudiya Arabistoni havo hujumidan so'ng. Hutiylar omon qolganlarni qidirmoqda, Sano, Yaman, 26-mart, 2015-yil

Saudiya Arabistoni havo hujumidan so'ng. Hutiylar omon qolganlarni qidirmoqda, Sano, Yaman, 26-mart, 2015-yil

Yamanda hutiylar pozitsiyalarini havodan nishonga olayotgan arab davlatlari isyonchilardan taslim bo'lishni talab qilyapti. Arab Ligasi Bosh kotibi Nabil al-Arabiyning aytishicha, Yamanda hokimiyatdan chetlatilgan Prezident Abdu Rabbo Mansur Hadining hukumatini tiklash kerak.

"Isyonchilarga qarshi zarur choralar ko'rishimiz lozim, aks holda Yaman tartibsizlik girdobiga cho'kmoqda", - dedi Arabiy liganing bugun Misrda o'tgan sammitida.

Anjuman ishtirokchilari qo'shma arab qurolli kuchlarini tuzishga kelishib oldi. Birlashgan armiya 40 ming kishidan iborat bo'ladi. Qaysi davlat qancha harbiy ajratishini bilishga, qurolli kuchlar strukturasini ishlab chiqishga bir necha oy ketishi mumkin. Arab davlatlari bungacha ham umumiy qo'shin yaratmoqchi bo'lgan, ammo uddasidan chiqa olmagan.

Arabiyga ko'ra, hutiylar isyonini tinch yo'l bilan bartaraf etish imkoni qolmagani bois qo'shni mamlakatlar harbiy kuch ishlatishga majbur bo'ldi.

"Isyonchilar qurollarini topshirib, Yaman barqarorlikka qaytishi kerak", - dedi u.

Yaman Prezidenti Hadi shia mazhabiga mansub hutiylarni Eron qo'g'irchog'i deb, ularning harakatlarini qoraladi. Tehron esa hutiylarni na moliyalaganini na tayyorlaganini aytadi.

Saudiya Arabistoni yetakchiligidagi koalitsiya Yaman janubida hutiylarni qatorasiga to'rtinchi kun havodan nishonga olmoqda. Qurol omborlari, aviatsiya, maxsus qo'shinlar bombardimon qilinmoqda. Arab koalitsiyasiga ko'ra, hutiylarning Adan va Sanodagi havo mudofaasi tizimi ishdan chiqarilgan.

Pokiston ham amaliyotlarda qatnashmoqda. Xalqaro diplomatlar va BMT vakillari Adanni tark etgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG