Yamanda muxolifat harbiy bazaga hujum qilib, 30 askarni asir oldi

  • Amerika Ovozi

Yamanda muxolifat harbiy bazaga hujum qilib, 30 askarni asir oldi

Yamanda muxolifat harbiy bazaga hujum qilib, 30 askarni asir oldi

Yaman rasmiylarining aytishicha, muxolif qabilalar prezident Ali Abdulla Solihning askarlariga hujum qilib, sara gvardiya qo’mondoni Ali al-Kalabiyni o’ldirgan va 30 zobitni garovga olgan.

Mudofaa vazirligi voqea poytaxt Sano shimolidagi harbiy bazada ro’y berganini ma’lum qilmoqda. Olishuvda hujumchilardan to’rt nafari o’lgan.

Prezident Solih kechagi murojaatida tinchlik tarafdori ekanini, adolatli prezident, parlament va mahalliy saylovlar ketidan hokimiyatni tark etishga tayyorligini aytgan. Yamandagi g’alayonni hal etishga urinayotgan Fors ko’rfazi kengashiga a’zo davlatlar olg’a surgan tashabbusga ko’ra, Ali Abdulla Solih boshqaruvni muoviniga topshirishi kerak.

Yaman rahbari juma vatanga qaytganidan beri kecha ilk bor xalqqa ko’rinish berishi edi. Iyun oyidagi suiqasd xurujida og’ir yaralangan Solih shu damgacha Saudiya Arabistonida davolanib keldi. Davlat yetakchisi muxolifatni ig’voda, zo’ravonlikni atayin avj oldirganlikda ayblamoqda. Xalq qo’zg’olon qilishga haqli, lekin o’g’rilik va urushga o’rin yo’q, dedi Ali Abdulla Solih.

Prezidentning murojaati oldidan Sanoda askarlar namoyishchilar, xususan, studentlarga qarata o’t ochib, 18 kishini yaraladi. Guvohlarning aytishicha, odamlar harbiy baza oldida chiqish qilayotgan bo’lgan.

Hukumatdan yuz o’girgan general Ali Muhsin al-Axmarning aytishicha, o’tgan hafta ro’y bergan to’qnashuvlarda unga sodiq 11 zobit nobud bo’lgan. Bir paytlar Solihni qo’llab-quvvatlab kelgan general muxolifat, jumladan, isyonkor yoshlar tomoniga o’tganidan beri Yaman ikkiga bo’lingan. Solih tarafdorlari va generalni yoqlagan fuqarolar.

Sanodagi Tahlil instituti olimi Stiven Staynbeyzer fikricha, hozir general Muhsin va prezident o’rtasida hokimiyat uchun kurash ketmoqda. “Davlatni birga boshqarmoqchi emas ular, demak biri g’alaba qilishi kerak bo’ladi. Har ikkisi kuch qo’llashdan toymaydi”, - deydi amerikalik olim.

Poytaxt Sanoning boy mahallasi sanalmish Xassabada ham bugun tunda o’q ovozlari eshitilgan. Armiya isyonkor qabila yetakchisi Shayx Sodiq al-Axmar va uning izdoshlarining uylarini nishonga olgani aytilmoqda. Axmar prezident Ali Abdulla Solihning ashaddiy raqibi sanaladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG