Arab dunyosi: Yamanda qonli xurujlar, Misrda 14 kishi oliy jazoga loyiq topildi

  • Amerika Ovozi

Sanoda sobiq prezident tarafdori namoyishda

Sanoda sobiq prezident tarafdori namoyishda

YAMAN

Saudiya Arabistoni boshliq koalitsiya Yamanda shia jangarilarni havodan nishonga olar ekan, Adan mintaqasida 22 kishi o'lgan, asosan oddiy fuqarolar.

Ataq shahri hozir jang maydoni. Shahar sunniy va shialar orasida talash va ayni damda kimning qo'lida, ma'lum emas.

Xalqaro Qizil Xoch Qo'mitasi Yamanga insonparvarlik yordami yetkaza boshlagan, biroq juda sust.

Poytaxt Sano va uning atrofida shia jangarilar, hutiylar deya tanilgan kuchga tegishli omborlar vayron qilingan.
Lekin bu jarayonda Yaman Mudofaa vazirligi inshootlari va harbiy lagerga ham bomba tushgan.

Sano va Adan hamon hutiylar nazoratida. Prezident Abdu-Rabbu Mansur Hadiy xorijga qochgan.

Eron hutiylarni quvvatlayotganlikda ayblanadi, ammo Tehron buni inkor etadi.

"Chegara bilmas shifokorlar" tashkiloti 19-martdan beri 800 yaradorga qaradi, asosan Adanda.

Pokiston Saudiya Arabistoniga bu operatsiyada ittifoqchi bo'lmoqchi emas. "Sunniy va shialar orasidagi qonli urushga aralashmaymiz", deyiladi bu davlat parlamenti chiqargan bayonotda.

O'tgan bir necha kun ichida 600 odam o'ldi, 100 ming aholi uy-joysiz qoldi.

MISR

Misrda qonunan man etilgan "Musulmon Birodarlar" siyosiy harakati a'zolaridan yana 14 nafari o'limga loyiq topildi. Muhammad Badiy, bu partiya lideri, shuningdek, uning 13 safdoshi.

Amerika fuqarosi bo'lgan yana bir shaxs bir umrga ozodlikdan mahrum etilmoqda.

Hukm ustidan yuqori sudga shikoyat qilish rejada. 2013-yilda "Musulmon Birodarlar"dan chiqqan prezident Muhammad Mursiy hokimiyatdan ag'darilganidan beri minglab a'zolar sudlandi va o'nlab nafari o'limga mahkum etildi.

G'arb, xususan AQSh bu jarayonni keskin tanqid qilib keladi. Sudlar adolatsiz o'tmoqda va inson huquqlari qo'pol tarzda poymol etilmoqda, deydi rasmiylar. Biroq hozirgacha bu tanqid biror samara bermagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG