Breaking News

Yaman ocharchilik tahdidi bilan yuzlashmoqda


BMT rasmiylari fuqarolar urushini boshdan kechirayotgan Yamanda ochlik yuzaga kelishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.

BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi tashkilotiga ko'ra, bu mamlakatda to'yib ovqat yemayotgan aholi soni 13 millionga yetgan, ya'ni har besh yamanlikning biri.

"Odamlar oziq-ovqatga muhtoj, mojaro sabab ta'minot uzilgan, gumanitar yordam uchun yetarlicha pul ajratilmayapti, buning natijasida millionlab odam, asosan ayollar va bolalar ochlikka yuz tutishi mumkin", - deyiladi tashkilot bayonotida.

Yamanda hukumat kuchlari va hutiylar o'rtasida otishmalar tinmayapti. Bugun janubdagi Adan shahrida hokim idorasi yonida bomba portlab, kamida to'rt odam o'lgan, 10 nafari jarohat olgan.

Hukumat askarlari iyul o'rtalarida Adanni isyonchilardan tortib olgan edi. Biroq poytaxt Sano hamon hutiylar qo'lida.

BMTning gumanitar masalalar bo'yicha idorasi rahbari Stiven Obrayen ixtilof zudlik bilan to'xtatilishi lozim, deydi. Yamanda bo'lib qaytgan rasmiy kecha Xavfsizlik Kengashida bu mamlakatdagi vaziyat bo'yicha hisobot bergan.

"Salkam 1,5 million odam uyini tashlab chiqishga majbur bo'lgan. Mingdan ziyod bolalar mojaroda nobud bo'lgan yoki jarohat olgan, yoshlarni jangarilar safiga yollashmoqda", - deydi Obrayen.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG