Yaman prezidenti matbuot orqali murojaat qildi

  • Amerika Ovozi

Yaman Prezidenti Obid Rabbo Mansur Hadi

Yaman Prezidenti Obid Rabbo Mansur Hadi

Al-Jazira axborot kanali Yamanda isyon ko'targan hutiylar tomonidan hokimiyatdan olingan Prezident Obid Rabbo Mansur Hadining bayonotini o'qib eshittirgan. Unda Hadi isyonchilarning poytaxt Sanoni ishg'ol etganini hamda hukumatni ag'darganini qoralagan.

O'tgan oy hutiylar prezident saroyini ishg'ol qilib, Hadini iste'fo berishga majbur qilgan. Biroq bayonotda Hadi o'zini prezident deb atagan. Unga ko'ra, hutiylarning bu boradagi har bir qadami noqonuniy.

"Isyonchilar uy qamog'idagi barcha hukumat rasmiylarini ozod etishi kerak" deyiladi bayonotda.

Hadi ham uy qamog'ida edi, biroq kecha u ona shahri Adenga qochishga muvaffaq bo'lgan. Hutiylar uni qo'yib yuborganmi, yo'qmi, hozircha ma'lum emas.

BMT Xavfsizlik Kengashi hafta boshida rezolyutsiya qabul qilib, hutiylardan eski hukumatni tiklab, Hadini ozod etishni talab qilgan. Hokimiyatdan olingan prezident xalqaro hamjamiyatga murojaat qilib, davlat to'ntarishini tan olmaslikka chaqirgan hamda mamlakatdagi siyosiy kuchlarni hutiylar nazoratida bo'lmagan Aden yoki Taiz shaharlariga da'vat etib, muloqot boshlashga taklif etmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG