Breaking News

Rossiya Yamanda havo hujumlarini vaqtincha to'xtatishga chaqirmoqda


Adan shahri, Yaman
Adan shahri, Yaman

Saudiya Arabistoni boshliq koalitsiya qo'shni Yamanda hutiylarni havodan nishonga olayotganiga qaramay, shia jangarilari janubdagi Adan shahrini ishg'ol qilishga yaqin turibdi. Isyonchilar viloyat hokimiyati binosini egallagan.

Rossiya va Xalqaro Qizil Xoch qo'mitasi tinch aholiga gumanitar yordam yetkazish hamda xorijliklarni Yamandan evakuatsiya qilish uchun Saudiya Arabistonidan havo hujumlarini vaqtincha to'xtatib turishni so'ramoqda.

Kecha Moskva iltimosiga ko'ra BMT Xavfsizlik Kengashi favqulodda majlis qilib, shu masalani ko'rib chiqqan.

Gumanitar yordam bir joyda turib qolgan, deyiladi Xalqaro Qizil Xoch qo'mitasi bayonotida.

Xavfsizlik Kengashi dushanba kungacha qaror qabul qilishi kutilmoqda.

Britaniyaning BMTdagi elchisi Piter Uilson havo hujumlarida tinch aholi o'layotganidan afsus bildirib, Saudiya Arabistoni yetakchiligidagi koalitsiya hujumlarini qo'llab-quvvatlamasdan boshqa ilojimiz yo'q, dedi. Unga ko'ra, Yamanning hokimiyatdan olingan Prezidenti Abdu Rabbo Mansur Hadi hutiylarga qarshi yordam so'ragan.

"Hutiylar sulhni buzdi, qo'lga qurol oldi, hokimiyatni kuch bilan egalladi. Mojaroni siyosiy muzokaralar orqali hal etish lozim", - dedi Britaniya elchisi.

BMT hisobiga ko'ra, so'nggi ikki haftada havo hujumlarida 519 odam o'lgan. Shulardan qanchasi hutiy isyonchilari ekani ma'lum emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG