Saudiya Arabistoni boshliq koalitsiya Yamanda isyonchilarni bombardimon qilayapti

  • Amerika Ovozi

Koalitsiyaning jangovar samolyotlari bugun, juma kuni poytaxt Sano va uning atrofida isyonchilarni va harbiy bazalarni nishonga olgan. Talofatlar bor.

Koalitsiyaning jangovar samolyotlari bugun, juma kuni poytaxt Sano va uning atrofida isyonchilarni va harbiy bazalarni nishonga olgan. Talofatlar bor.

Saudiya Arabistoni boshchiligidagi mintaqaviy kuchlar Yamanda mana ikki kundirki isyonchilarning manzillarini bombardimon qilayapti. Maqsad - mamlakatning katta qismida nazoratni qo'lga olgan shia hutiy jamoasini yengish.

Koalitsiyaning jangovar samolyotlari bugun, juma kuni poytaxt Sano va uning atrofida isyonchilarni va harbiy bazalarni nishonga olgan. Shimolda hutiylarning tarixiy vatani sanalgan Sado viloyati ham bombardimon qilingan.

Saudiya Arabistoni rasmiylari harbiy amaliyotning birinchi qismi muvaffaqiyatli kechdi, deydi. Lekin koalitsiya piyoda qo'shinlarni ham ishga solishi ehtimoldan xoli emas, deydi Saudiya mudofaa rasmiylaridan Ahmad Bin Hasan Asiriy.

"Hozirgi bosqichda piyoda qo'shinlarga zarurat yo'q, lekin vaziyat og'irlashsa, Saudiya va ittifoqchilarning armiyasi har qanday agressiyani qaytarishga tayyor", - deydi u.

10 davlat, jumladan, Fors ko'rfazidagi besh mamlakatdan tezkorlik bilan tuzilgan koalitsiya Eronning qo'llab-quvvatlovini olgan hutiy shia isyonchilarini chekinishga majbur qilmoqchi. Koalitsiya, shuningdek, jahon ahli tan olgan prezidentni davlat tepasiga qaytarmoqchi.

Saudiya Arabistonining uzoq yillik ittifoqchisi Pokiston hali koalitsiyaga qo'shilish-qo'shilmasligini hal qilmagan.
Islomobod Saudiya Arabistonining hududiy yaxlitligini himoya qilishga tayyor, lekin mintaqaviy mazhablararo urushga aralashmoqchi emas.

Eron Yamandagi shia isyonchilarni moliyalayotgani haqidagi ayblovni rad etadi. Tehron nazarida Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya xavfli bir ishga qo'l urdi.

Isyonchilar sardori Abdul Malik al-Hutiy kecha, payshanba kungi chiqishida Saudiya Arabistonini, shuningdek, harbiy amaliyotga razvedka bilan yordam berayotgan Amerikani keskin tanqid qildi.

2012-yilda Prezident Ali Abdulla Solih qo'zg'olon natijasida hukumatidan ag'darilganidan beri Yaman zo'ravonlik va parokandalik domida qolayapti.

Sobiq rahbar Solihning tarafini olgan isyonchi hutiylar hozir poytaxt Sanoni egallab olgan. Amaldagi Prezident Abdu Rabbo Mansur Hadi esa mamlakatdan qochishga majbur bo'lgan. U hozir Saudiya Arabistonida jon saqlamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG